Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vatan yo‘llarini yaxshilashni niyat qilgan yosh tadbirkor va deputat byurokratiyadan chuqur nokaut qabul qilib oldi
Mashhur fizik olim Isaak Nyutonning Ikkinchi qonunida shunday deyiladi: “Binobarin kuch deb ataladigan fizik kattalik jismlarning bir-biriga qiladigan shunday ta'sirini xarakterlaydiki, bu ta'sir natijasida jismlar tezlanish oladi. Ma'lum bir jismni olib unga qandaydir boshqa jism bilan shunday ta'sir qilamizki, natijada har xil tezlanish olsin”.
Hayot mantiqi ham ana shunda anglanadi. Albatta, inson jism emas, ammo bu qonundagi mantiq maydoni o‘z ichiga insonni ham qamrab oladi. Chunki, insonni harakatga keltiradigan, uning hayotiy sur'atini oshiradigan kuch bo‘lmasa, u bir joyda qotib qoladi. Na taraqqiyotga va na yuksak maqsadlar sari yuz tutadi. Ammo insonlar orasida g‘ayratlilari ham uchraydiki, ular taraqqiyot mexanizmini harakatlantiruvchi muhim kuch hisoblanishadi. Bunga faqat yaxshilab razm solish, e'tibor qaratish, bu bilan tezlik sur'atini yanada kuchaytirish lozim bo‘ladi. Aks holda...
Maqolamiz qahramoni bo‘lmish Dusov Qobilning yoshi 33 da. Ma'lumoti oliy. O‘zbekistonlik mashhur akademik va fan doktorlari Sayfiddin Rafiddinov, Ibrohim Haqqul va Abdurashid Soliyevichning shogirdi. Germaniyada GIZ WAK akademiyasini qurilish va qurilish mollar ishlab chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha 2015 yilda tugatgan. Xalq deputati Bo‘stonliq tuman deputatlar Kengashi deputati.

U 2009 yilda «MBS» qurilish korxonasiga asos solgan. Hozirda korxonada 50dan oshiq ish o‘rin yaratib berilgan. Qaramog‘ida ota-onasi va 4 nafar farzandi bor. 15ta davlatning 40dan oshiq kompaniyasi bilan ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Qariyb 10 yil davomida bizda umuman ishlab chiqarilmayotgan qurilish mahsulotlarini davlatimizga olib kirib, mazkur qurilish mollarini o‘zimizda mahalliylashtirish uchun harakat qiladi. U tashkil etgan korxona bir necha yillardan beri qurilish ishlari va qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanadi.
Tadbirkorning maqsadi yurtimiz qurilish sohasida dunyoning eng ilg‘or texnika-texnologiyalarini tatbiq etishini xohlagan holda qurilish sifatini dunyo standarti talablariga olib chiqishga o‘z hissasini qo‘shish. Bu borada korxona tomonidan xorijiy tajriba va texnik-texnologiyalar o‘zlashtirilgan. Albatta, bu davlat byudjyetiga eski uslubga qaraganda arzon va 3 barobardan 10 baravargacha (yil hisobida) foyda keltiradi. Yo‘llarimizni ravon, o‘z sifatini yo‘qotmay uzoq yillar xizmat qilishiga olib keladi. Ushbu texnika va texnologiyalar korxona tomonidan Germaniya, Belarus, Rossiyadan O‘zbekistonga ilk bor keltirilgan. Mazkur maxsus texnikalar avtomagistrallarni ta'mirlashda judayam qulay eng zamonaviy texnikalar va texnologiyalar hisoblanadi. Loyihalar esa eng sifatli tarzda o‘z yechimini topadi. Bu texnikalar va mahsulotlar O‘zbekistonda yetarlicha sinovdan o‘tkazilgan. Mazkur texnologiya va mahsulotlar Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi va Namangan viloyati GASN tomonidan vazirliklar, tashkilotlar va loyiha institutlariga tavsiya etilgan.

Xususan, ushbu texnologiya Do‘rmonda Prezident qarorgohiga kirish yo‘li, Toshkent xalqaro aeroporti, O‘zgarish ko‘prigi, Qarshi-Shahrisabz yo‘lida qo‘llanildi va mutaxassislarning ijobiy xulosalariga sazovor bo‘ldi.
Ming afsuski, davlatimizda olib borilayotgan qurilish ishlarida o‘tgan asrning 50-yillardagi qurilish normalari haliyam amaldaligi quruvchilarni yechimsiz muammolarga duchor qilmoqda. Yosh tadbirkor shunday muammolardan bir nechtasini o‘z kuzatuvlari misolida keltiradi.
“O‘zavtoyo‘l” korxonasi oliy darajadagi Prezident qarorgohi yo‘lini ta'mirida asfalt yo‘llari yoriqlarini 30—40 yillik eski usulda oddiy bitum bilan bir yilda 4-5 marta ta'mirlashadi. Oqibatda qish sovug‘i va yoz issig‘iga chidamsiz bitum yo‘l sifatini tez orada ayanchli ahvolga olib kelmoqda va davlat byudjyetidan har yili ana shunday yo‘llar uchun 4-5 marta pul ajratiladi, ana shunday yo‘llarning soni bizda yetarlicha”, deydi u.
“Biz Do‘rmondagi Prezident qarorgohi yo‘lini, shu yo‘lga mas'ul xodimlar iltimosi bilan 2016 yilning bahor oylarida ta'mirladik. Ishimizni qulay, tez va sifatililigidan mutaxassislar mamnun bo‘lishdi”.
“Mazkur ikki usulni iqtisodiy tejamkorlik jihatidan bir yillik ta'mir uchun solishtirib ko‘rilsa, bizniki ham arzon, ham sifatliligi va uzoq vaqtga chidamliligi bilan ajralib turadi. Ya'ni, 1 yilga to‘g‘ri keladigan 4-5 martalik harajat yangi usulda 1 martalik ta'mirlash xarajatlari bilan kifoyalanmoqda va 5 yil sifat kafolatini saqlamoqda. Bu esa kamida ortiqcha 5 yillik sarf-xarajatlarning tejab qolinishiga sabab bo‘ladi”, deydi Dusov Qobil.
Tadbirkorning aytishicha, u respublikadagi yo‘llarni qurish va ta'mirlashda sodda, oson, zamonaviy qulay texnika, texnologiyalar va mahsulotlar korxonada borligi hamda malakali mutaxassislar yordamida ularni ta'mirlab berishni mamlakatimizdagi mutasaddi vazirlik va tashkilotlarga, viloyat va tumanlar hokimliklariga, yo‘l fondiga loyiha institutlariga, xususan, “O‘zavtoyo‘l” boshlig‘i A.Abduvaliyevga, “O‘zbekiston havo yo‘llari” qurilish masalalari bo‘yicha direktori V.Tyanga, uning o‘rinbosari A.Xodjiyanga ko‘p yillardan beri murojaat qilib keladi. Hatto Vazirlar Mahkamasining rasmiy portali orqali Shavkat Mirziyoyevga ham murojaat qilingan. Ammo prezident orqali ularga yuborilgan xatlar ham samara bermagan.

Jumladan, Q.Dusov shunday deydi: “Do‘rmondagi Prezident qarorgohiga kirish yo‘lini yuqori sifatda ta'mirlaganimiz va bu bajargan ishimizni mutaxassislar yuqori baholasa-da, A.Abduvaliyevning shaxsan o‘zi kelib, turli bahonalarni ro‘kach qilib, eski, qimmat va sifatsiz uslubdan voz kechmasligini aytdi. Xullas, bu sohada ishlashga bizga imkon bermayapti. Shu sohaga ko‘p mehnati singan tajribali Janob Abduvaliyevning hozirda butun dunyo yo‘l qurilishi va ta'mirida qo‘llanilayotgan “biz uchun esa yangilik” bo‘lgan ushbu texnologiyani Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan berilgan tavsiyalarimiz bo‘lsa-da, qabul qilishni istamasligi bizni ajablantirib kelmoqda”.
Korxona “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviyakompaniyasiga qarashli Toshkent xalqaro aeroportida ham o‘z mahsulotini 2013 yilda samolyotlarning uchish-qo‘nish va to‘xtab turish maydonlarida ham sinab ko‘rgan. Bajarilgan ish uchun aeroport direktori B.Hakimov tomonidan rasmiy ijobiy xulosa olingan va korxona 2014 yil loyihalariga kiritilib, aeroport ta'mirlarida ishtirok etishga va'da ham bergan. Afsuski, hozirgacha hech qanday natija bo‘lmagani aytilmoqda.

Korxona 2016 yil avgustda Mudofaa Vazirligiga qarashli Chirchiq shahridagi Oliy harbiy tank umumqo‘shin bilim yurtida ish boshlaydi. U yerda nazorat o‘tish joyini kapital ta'mirlash kerak edi. Lekin loyiha insituti tomonidan korxonaga berilgan loyiha bir ovozdan buyurtmachilarga ham, korxonadagi pudratchilarga ham, ma'qul kelmaydi. Sababi loyiha sifat va dizayn jihatidan Markaziy Osiyoda katta obro‘ qozongan oliy o‘quv yurtiga umuman noloyiq ekani aytiladi. Tantanali harbiy marosimlar o‘tkaziladigan nazorat o‘tkizish joyining bo‘yoq ishlariga oddiy “ohak” bilan bo‘yash ko‘rsatilgan.
Ikkinchi nazorat o‘tkazish joyida esa konstruktorlarning ko‘rsatmalariga qaramasdan bir qavatli bino devorlariga loyihada 2-3 tonna metall armaturalarni qoplash ko‘rsatilgan. Bunday ma'nosiz sarf-xarajatlarga loyihachilarni sabab qilib qandaydir eski 70-yillar normalarini ro‘kach qilib, agar shu loyiha asosida ishni bajarmasanglar tekshirganda qamalasizlar, deb qo‘rqitib ham qo‘yishgani kishini ajablantiradi.
“Bu esa Vatanimga, Prezidentimga, Xalqimga sodiqman, deb qasamyod qilgan, xalqimizni, davlatimizni himoya qiluvchi, yelkasiga qurol taqib, jonini garovga qo‘yuvchi aziz farzandlarni ana shunday ma'no-mazmunsiz norma va loyihalar asosida inson manfaatlari hisobga olinmasdan, sifatsiz ta'mirlangan binolarda xizmat qilishga majbur qilmoqda, deyishimga asos bor”, deydi kuyunib yosh tadbirkor.

Ha, haqiqiy g‘ayrat sohibi. U tengilar qayerda tekin quyruq bor ekan, deb yurishgan bir paytda, Qobilbek vatanga daxldorlik hissini tuygan holda yashamoqda, ishlamoqda, izlanmoqda. Ammo ham deputat, ham tadbirkor bo‘lgan bu yigit biz bilan suhbatlashganda, ishlari yurishmasa, bu yo‘ldagi to‘siqlar olib tashlanmasa, chet elga chiqib ketib, o‘sha yerda biznes faoliyatini rejalashtirayotgani haqida shama qilib o‘tdi. Buning oqibatida nima bo‘ladi? Avvalo, ishchi o‘rinlar yo‘qotiladi. Korxonada mehnat qilib, qora qozonini qaynatayotganlar ishsiz qoladi. Bitta bo‘lsada ish o‘rni yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir vaqtda ishsizlar sonining oshishiga sabab bo‘layotgan to‘siqlarning bartaraf etilish vaqti kelmadimikan? Axir O‘zbekiston kelajagi ana shunday g‘ayratli yoshlar qo‘lida-ku. Birinchi prezident Islom Karimovning asl orzulari ham shu emasmidi aslida? Jamiyatda uchrayotgan nomi yuqorida zikr qilingan holatlar kishi ko‘nglini g‘ash etadi, ammo Qobilbekka o‘xshash insonlarga qarab, O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat bo‘lishiga aslo shubha qilmaysan.
Mavzuga oid
11:21 / 20.04.2026
Parvarish xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030 yilgacha soliqdan ozod etiladi
12:15 / 10.04.2026
Xorazmda 7 ming so‘mdan palov sotgan tadbirkor jarimaga tortildi
11:47 / 09.04.2026
“Obnalchi” korxonaning soliq majburiyati halol tadbirkor gardaniga yuklanyapti” – tadbirkorlar Soliq qo‘mitasidan norozi
20:57 / 03.04.2026