Jamiyat | 19:11 / 13.02.2017
21499
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada 14 yoshli xokkeychi birinchi tarkibga o‘tkazilgach, jamoa a'zolari tomonidan kaltaklanib vafot etdi

Foto: vk.com

Rossiyaning Podolsk shahrida 11-fevral kuni dahshatli fojia yuz berdi. Layf nashri Moskva viloyatidagi “Vityaz” bolalar-o‘smirlar maktabida ro‘y bergan bu hodisa yuzasidan maqola chop etdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 14 yoshli Ilya S. birinchi tarkibga o‘tkazilgan hamda bu jamoadoshlarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

- Ilya mehnatsevar bola edi, - dedi hayotdan ko‘z yumgan bolaning do‘sti. – U murabbiy aytgan barcha ishni bajarardi. Jamoadoshlari esa u murabbiyga yaxshi ko‘rinish uchun shunday qiladi, degan fikrda bo‘lishgan. Ammo har bir o‘yinchi uchun murabbiyning so‘zi – qonundir. U vafot etgan kuni birinchi tarkibga o‘tkazilgandi. Yechinish xonasida esa bundan xafa bo‘lgan bolalar uni kutib turishgan...

Stanislav Ya. birinchi bo‘lib mushtlasha boshladi. Ular yerga yiqilib tushishdi... So‘ngra Ivan Ch. chopib keldi. Aynan shu bola ikki yoshga kattaroq edi. U xokkey bilan bir vaqtda boks bilan ham shug‘ullanardi. Qanday mushtlashishni bilardi. Ivan Ilyaga ikki bor oyog‘i bilan zarba berdi. Bir marta yugurib kelib urdi...

Menga ma'lum bo‘lishicha, Ilyada taxminiy ma'lumotlarga ko‘ra, qovurg‘alari singan va o‘pkasi lat yegan. Bunday yoshda ikki yilga kattaroq bo‘lish katta ahamiyatga ega.

“Vityaz” maktabi va murabbiy Kurochkinning fikricha, bola mashg‘ulotdan so‘ng o‘zini yomon his qilgan hamda yiqilib, o‘rindiqqa qulagan, shundan so‘ng bosh jarohatini olgan.

Ilya S. yaxshi oilada tarbiya ko‘rgani xabar qilinmoqda. Ular avvaliga Sankt-Peterburgda yashashgan. Ilya u yerda SKA xokkey maktabida shug‘ullangan, keyin esa o‘zi Podolskka ko‘chib o‘tish hamda “Vityaz” maktabida o‘ynash istagini bildirgan. Bola Peterburg klubida murabbiyi bilan tushunmovchilikka duch kelgan.

Ayni damda hodisa yuzasidan tergovga qadar bo‘lgan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Ekspertiza natijalari yaqin kunlarda ma'lum bo‘ladi.

Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, bu murabbiy Kurochkin jamoasida bir yil davomidagi ikkinchi o‘lim holatidir. Bunga qadar yosh xokkeychi boshiga tekkan shaybadan halok bo‘lgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid