Jahon | 09:59
501
6 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukraina hujumlarining muvaffaqiyatini pasaytirib ko‘rsatdimi?

RF prezidenti Ukrainaning Rossiya hududiga uyushtirayotgan zarbalarini asosan “axborot operatsiyasi” deb baholab, talafotlarning o‘rni muammosiz to‘ldirilishini aytdi. Lekin bu ta’rif hujumlarning real harbiy va iqtisodiy oqibatlarini qay darajada aks ettiradi? “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Oybek Sirojov va Shuhrat Rasul shu masalada bahsga kirishdi.

Putin Ukraina zarbalarini “axborot operatsiyasi” deb baholadi. Bu ta’rif vaziyatni to‘liq aks ettiradimi?

Oybek Sirojov: Urush faqat harbiy to‘qnashuvlardan iborat emas. U harbiy, iqtisodiy, diplomatik va axborot yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladigan murakkab jarayondir. Shu bois Ukraina–Rossiya urushini tahlil qilganda, axborot urushi ham asosiy frontlardan biri ekanini ko‘rish mumkin. Agar urush boshlangan ilk kunlardan buyon vaziyatga nazar tashlasak, aynan axborot maydonida Rossiya ko‘proq qiyinchiliklarga duch kelayotganini kuzatamiz. Bunga G‘arbning Ukrainani keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlayotgani, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi ustunligi, xalqaro auditoriyaga chiqish imkoniyatlarining kengligi, shuningdek, Rossiyaning bu boradagi texnologik va kommunikatsion imkoniyatlari cheklanganligi sabab bo‘lishi mumkin.

Buni oddiy misolda ham ko‘rish mumkin. Rossiya hududiga berilgan deyarli har bir zarba bo‘yicha videolar, guvohlarning tasvirlari va tahlillar tezda ommaga tarqaladi. Aksincha, Rossiyaning Ukrainaga, jumladan, yaqinda Kiyevga bergan zarbalari haqida asosan rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmoqda, biroq voqea joyidan olingan tasvirlar va mustaqil videolar nisbatan kam uchramoqda. Bu – Rossiyaning zarbalar oqibatlarini tezkor va ishonchli tarzda hujjatlashtirish hamda xalqaro auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari yetarli emasligini ko‘rsatishi mumkin.

Umuman olganda, axborot urushi zamonaviy urushlarning ajralmas qismidir. U nafaqat jamoatchilik fikrini shakllantirish, balki siyosiy elitalarga bosim o‘tkazish va xalqaro hamjamiyatning munosabatiga ta’sir ko‘rsatishda ham muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Putinning Ukraina zarbalarini “axborot operatsiyasi” deb baholashi ma’lum mantiqqa ega. U bu hujumlar, avvalo, Rossiya jamiyatida xavotir uyg‘otish, ikkinchidan esa xalqaro hamjamiyatga Ukrainaning imkoniyatlari va salohiyatini namoyish etishga qaratilgan degan fikrni ilgari surmoqda. Aslida, u aynan shu jihatga urg‘u berdi.

Shuhrat Rasul: Putinning bayonotiga ko‘ra, Ukrainaning Rossiyaga berayotgan zarbalari jiddiy oqibatlarga olib kelmayapti. Uning ta’kidlashicha, neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilgan hujumlar ham Rossiya iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazmagan. Misol sifatida u neft zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan atigi 4 foizga kamayganini, zararlangan obektlar esa qisqa muddatda ta’mirlanayotganini aytdi. Shuningdek, bu hujumlarning asosiy maqsadi Rossiya jamiyatida vahima uyg‘otish ekanini ta’kidlab, aholini xavotirga tushmaslikka chaqirdi.

Biroq mavjud ma’lumotlar bu bayonotlarga to‘liq mos kelmaydi. Putin zararlangan obektlarni tezkor tiklash va havo hujumidan mudofaa vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarurligini aytdi. Ammo aynan mudofaa sanoati korxonalari ham Ukraina hujumlari nishoniga aylanmoqda. Masalan, Voronejdagi korxonalardan biri “Pansir-S1” va “Pansir-S2” zenit-raketa majmualari uchun elektron komponentlar hamda mikrosxemalar ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynagan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu korxona jiddiy zarar ko‘rgan va uni qisqa muddatda qayta tiklash ehtimoli juda past baholanmoqda. Xuddi shunday, Moskvadagi Kapotnya neftni qayta ishlash zavodi ham katta talafot ko‘rgan. Rossiyalik ayrim mutaxassislarning baholashicha, korxonaning to‘liq faoliyatini tiklash 2026 yilda ham yakunlanmasligi, hatto bu jarayon 2027 yil oxirigacha cho‘zilishi mumkin. Shuningdek, Kubandagi Slavyansk neftni qayta ishlash zavodi ham og‘ir zarba oldi. Dastlabki baholarga ko‘ra, ushbu korxonani ham qisqa muddat ichida to‘liq tiklashning imkoni yo‘q.

Ayniqsa, so‘nggi hujumlarda qo‘llangan “Flamingo” dronlari avval foydalanilgan “Lyutiy” dronlariga nisbatan ancha katta jangovar yuk ko‘tarishi aytilmoqda. Shu sababli bunday zarbalar yirik sanoat va harbiy obektlarga juda katta talafot yetkazmoqda. Ayrim hollarda esa zararlangan inshootlarni iqtisodiy jihatdan qayta tiklash maqsadga muvofiq bo‘lmay qolmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Putinning bayonotini ko‘proq Rossiya jamiyatidagi xavotirni pasaytirish, urushning iqtisodiy va harbiy oqibatlarini yumshoqroq ko‘rsatish hamda jamoatchilik kayfiyatini barqaror ushlab turishga qaratilgan siyosiy kommunikatsiya sifatida talqin qilish maqsadga muvofiq.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid