Jahon | 09:58 / 15.02.2017
8735
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Kim Chen Namning oilasini o‘z qaramog‘iga oladi

14 fevral kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahridagi aeroportda o‘ldirilgan Kim Chen Namning, ya'ni KXDR yetakchisi Kim Chen Inning akasi oilasi Xitoy hukumati himoyasida bo‘ladi. Bu haqda Janubiy Koreya Milliy razvedka boshqarmasi vakiliga asoslanib, Yonhap agentligi xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, marhumning sobiq rafiqasi va uning o‘g‘illaridan biri shu kunga qadar Pekinda yashab kelmoqda, uning ikkinchi xotini, yana bir o‘g‘li va qizi esa Makaoda. Ularning barchasi Xitoy hukumati tomonidan himoya qilinadi.

O‘z vaqtida KXDR rahbari merosxo‘ri bo‘lgan Kim Chen Nam 2001 yilda otasi Kim Chen Irning g‘azabiga uchragach, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgandi, 2011 yilda o‘gay ukasi Kim Chen In hukumat tepasiga kelgach esa, yashirinib yashashga majbur bo‘ldi. U avvaliga Makaoda yashab, biznes bilan shug‘ullangan, keyinroq Singapur va Malayziyaga o‘tgan.

14 fevral kuni Kuala-Lumpur aeroportida u o‘zini yomon his qila boshladi va ko‘p o‘tmasdan jon berdi. Qayd etilishicha, uning o‘limi u Makaoga uchmoqchi bo‘lganida ro‘y berdi.

Malayziya politsiyasi uning shaxsini tasdiqladi. 

Turli manbalarga ko‘ra, unga zaharli igna bilan qurollangan 2 ayol suiqasd qildi, ular voqea joyidan jo‘nab ketishgan. Aytilishicha, ular shimoliy koreyalik maxsus josuslar edi. Qotillar voqea joyini taksida tark etishgan, ammo ular Malayziyani tark etishgani gumon. Yaponiyalik mutaxassislarning fikricha esa, qotillarning o‘zi ham yo‘q qilib bo‘lingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid