Ilhom Aliyev nima uchun rafiqasini vitse-prezident etib tayinlaganini tushuntirib berdi
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev turmush o‘rtog‘i Mehribon Aliyevaning birinchi vitse-prezident etib tayinlanishini uning respublika ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotidagi o‘ta muhim o‘rni bilan bog‘ladi.
"Mehribon Aliyeva uzoq yillar davomida mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida muhim o‘rin tutib keladi. U mamlakatdagi eng yirik siyosiy kuch hisoblangan “Yeni Ozarboyjon” partiyasi raisining o‘rinbosari bo‘lib, uning a'zolari soni 700 ming kishigacha yetadi", - deya aytib o‘tgan davlat rahbari Ozarboyjon Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida rafiqasini tanishtira turib.
Shuningdek, uning ta'kidlashicha, Aliyeva 2005 yildan beri Milliy Majlis (parlament) deputati hisoblanadi hamda bu lavozimda “katta ishni amalga oshirdi”. "Uning deputat sifatidagi faoliyati saylovchilar muammosini hal etishga yo‘naltirilgan", - deya ta'kidlab o‘tdi prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, Aliyeva mamlakatdagi eng yirik nodavlat tashkilot – Haydar Aliyev Jamg‘armasiga rahbarlik qiladi, bundan tashqari, birinchi Yevropa o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasiga ham yetakchilik qilgan. O‘yinlar Boku shahrida 2015 yilda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi.
Mamlakat yetakchisi o‘z rafiqasining ko‘p qirrali xayriya faoliyati, uning mamlakatda madaniyat va ta'limni rivojlantirish bo‘yicha loyihalari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. "Bu ko‘p qirrali va muvaffaqiyatli faoliyat bunday qaror qabul qilishimda katta o‘rin tutdi", - deya xulosa qilgan prezident. Uning qo‘shimcha qilishicha, "Mehribon Aliyeva – professional, bilimli, prinsipial va oliyjanob insondir".
O‘z navbatida, birinchi vitse-prezident etib tayinlangan ayol, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarning naqadar mas'uliyatni ekanini his etib turgani va unga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilishini aytib o‘tdi. Aliyevaning ta'kidlashicha, o‘zining har kunlik faoliyati davomida "insonparvarlik, mehr-shafqat, o‘zaro hurmat, oliyjanoblik tamoyillariga amal qiladi, shuningdek, avvalo Ozarboyjon manfaatlarini ustun qo‘yib, o‘z mamlakatiga sharaf bilan xizmat qiladi".
Ma'lumot uchun, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘zining turmush o‘rtog‘i Mehribon Aliyevani respublikaning birinchi vitse-prezidenti etib tayinlash haqidagi qarorga seshanba kuni imzo chekdi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat rahbari o‘z majburiyatlarini bajara olmay qolgan taqdirda prezident vakolatlari birinchi vitse-prezidentga o‘tadi. O‘tgan yilning 26 sentabrida Ozarboyjonda konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritishga doir referendum bo‘lib o‘tdi. Boshqa vakolatlar bilan bir qatorda prezident vakolatlari muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi, vitse-prezidentlar lavozimlari joriy qilindi, davlat rahbari lavozimiga nomzodlarga nisbatan yoshga doir cheklovlar bekor qilindi. Aliyeva tayinlangunga qadar birinchi vitse-prezident lavozimi bo‘sh bo‘lgan.
Mavzuga oid
14:37 / 13.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
21:54 / 15.10.2024
Bokuda Qorabog‘ni qayta tiklashga qaratilgan xalqaro ko‘rgazma ochildi
18:55 / 30.08.2024
“Armaniston tinchlikdan manfaatdor emas va ataylab vaqtni cho‘zmoqda” - Ilhom Aliyev
13:05 / 25.08.2024