O‘zbekiston | 17:06 / 25.02.2017
19379
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident ko‘rsatmasi bilan Qashqadaryoda eng arzon elektronika mahsulotlari ishlab chiqariladi

Foto: O‘zA

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Prezident “Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Rodex Trading Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan kukun shaklidagi antibiotik dori vositalari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. 

Qiymati 5,09 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyihaga ko‘ra klaforan, tsefomed, gentomitsin, tsefazolin, tsefotaksim va boshqa turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

Davlat rahbari dorivor o‘simliklarni qayta ishlash, tibbiy moylar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalarini ko‘zdan kechirdi. 

Qashqadaryo vohasining purviqor tog‘lari, bepoyon qiru adirlarida noyob giyohlar, buta va daraxtlar serob, dedi Prezident. Ularni qayta ishlash asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqarish har jihatdan samarali va istiqbollidir. Sohada har bir tadbirkorga zarur imtiyoz va qulayliklar yaratiladi. 

Loyihada tirnoqgul, zubturum, oshqovoq urug‘i, tog‘ rayhoni, na'matak, kiyik o‘ti, dalachoy, gazanda, moychechak kabi o‘simliklardan dorivor choylar, bodom, kanakunjut, shaftoli, zig‘ir, sedana, o‘rik, mavrak singari buta va daraxt mevalaridan shifobaxsh moylar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. 

Loyihani amalga oshirish natijasida yuzga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

Prezident Qarshi shahrida elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Bu yerda yiliga TCL brendi ostida 25 ming dona zamonaviy televizor, 15 ming "Samsung" changyutgichi, 100 mingdan ortiq rozetka va elektr uzatgich mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. 

Mahsulot narxini arzonlashtirish va ularni eksportga yo‘naltirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, korxona faoliyatiga kollej bitiruvchilarini jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid