Jamiyat | 15:07 / 26.02.2017
38604
3 daqiqa o‘qiladi

7 yoshli bolakay chiqindilarni qayta ishlash orqali kollejda o‘qishga yetarli pul to‘pladi

Kaliforniyalik 7 yoshli bolakay Rayan Hikman chiqindilarni qayta ishlashga qiziqib qoldi. Barchasi buyumlarni saralashga, keyinroq esa resayklingga bo‘lgan qiziqishdan kelib chiqdi. Bugungi kunda Rayan o‘zining kichik Ryan’s Recycling Company ("Rayanning chiqindilarni qayta ishlash kompaniyasi")ni boshqaradi. 

Rayan resaykling jarayoni bilan 3 yoshligidayoq, otasi bilan chiqindilarni qayta ishlash markaziga borganida tanishgan. "U deyarli hamma narsani saralashni yaxshi ko‘radi, buning ustiga butilkalarni idishga uloqtirish jarayoni unga juda yoqib qoldi, - deya so‘zlaydi bolaning otasi Demion. - U o‘sha payt ikki dollar qo‘liga tushganidan juda ta'sirlangan ko‘rinadi. Albatta, bundan keyin mayda pullarni saralash kerak bo‘ladi, u saralash jarayonlari qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p zavq oladi". 

Ekologiyani asrash sohasidagi ushbu ilk tajribasidan keyin uni to‘xtatib bo‘lmadi. Ota-bola uyga qaytishganida u otasiga qo‘shnilarning chiqindilarini ham yig‘ib, saralab, topshirish istagini bildirdi. Shunda yosh ishbilarmon katta rejalarini amalga oshirishga kirishish maqsadida onasi bilan qo‘shnilariga chiqindilar uchun maxsus qopchalar tarqatib chiqdi va qayta ishlashga yaroqli narsalarni shunga solishni so‘radi. 

Hozir, 4 yil o‘tgach, bolakayning noldan boshlangan loyihasi katta muvaffaqiyat qozondi. Uning kompaniyasi besh tumanni qamrab olib, 40 mijozga xizmat ko‘rsatadi. U chiqindilarni o‘z uyining orqa tomonidagi sakkiz konteynerga ajratadi. 

Bola ota-onasi bilan bir necha haftada bir marta, dam olish kunlari chiqindilarni qayta ishlash markaziga borib, plastik, qog‘oz va shishalarni topshiradi. 

Startap ishga tushirilganidan buyon Rayan 22 tonna chiqindi va 200 ming konserva bankasi va butilkani qayta ishlashga topshirdi. Shunisi diqqatga sazovorki, u 1600 dollardan ziyod mablag‘ni xayriya ishlariga sarfladi. Qolgan pullar - 10 000 dollar - bolaning kelgusida kollejda o‘qishi uchun ajratilib, maxsus jamg‘arma hisobida saqlanadi. 

Bu yutuqlaridan tashqari, Rayan yaqinda Tinch okeanidagi dengiz sut emizuvchilarini qutqarish bo‘yicha yosh ambassador etib tayinlandi. U mazkur yo‘nalishda hatto shaxsiy xayriya futbolkalarini ham yaratdi.

Shubhasiz, ko‘plab altruistik qiziqishlarga ega Rayan o‘zining mehr qo‘ygan hobbisi - resaykling haqida hech qachon unutmaydi. "U bu ishga katta qiziqish bilan yondashadi va boshqalarga ham bu odatini "yuqtiradi". Bizga-ku allaqachon yuqtirib bo‘lgan. Hozir biz ham ko‘chada yotgan banka yoki butilkani ko‘rsak, shunchaki o‘tib keta olmaymiz", - dedi Rayanning onasi Andrea. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid