20:47 / 02.03.2017
35277

“Operatsiya” barbod bo‘ldi

Kogonlik Bahrom Ro‘ziyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) anchadan buyon valyuta qimmatliklarining noqonuniy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib keladi. Bu bois bu “kasb”ni puxta o‘zlashtirgan. Ayni chog‘da, qamrovni kengroq olish va mushkulini osonlashtirish maqsadida talay “hamkorlar” orttirgan. Ular bilan xoh yuzma-yuz muloqot paytida, xoh telefon orqali suhbatlashish chog‘ida bo‘lsin, hushyorlikni aslo unutmaydi. Doimo shartlashilgan, asl ma'nosini faqat o‘zlari biladigan, boshqalar tushunmaydigan maxfiy so‘z-iboralar vositasida gaplashadi. Bunga sheriklari ham ko‘nikib ketishgan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

O‘sha kuni ham shunday bo‘ldi. O‘tgan yilning fevral oylarida unga Rustam ismli hamtovog‘i qo‘ng‘iroq qilib, “suyunchi” oldi. 

-  Hormang endi! – dedi quvnoq ohangda. – Bugun bitta “jirniy kliyent” topdim.

-  Rostdanmi? – Bahrom ishonqiramay so‘radi. – Xo‘sh, bahosi qancha ekan o‘sha “kliyent”ning?

-  Shu desang... 83 ta “ko‘k piyoz” kerak ekan.

-  Ha, unda bir uchrashib qo‘ysak. Natijasi chakki bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.

Yangi mijoz “Bahodir” bilan qo‘ng‘iroqlashib, uchrashuv joyini va vaqtini kelishib oldi. Belgilangan joyda 8 ming 300 AQSh dollarini berib, 51 mln. 792 ming so‘m pulni sanab ko‘rib, cho‘ntaklariga urishdi. Ammo juftakni rostlashga ulgurishmadi. Chunki zum o‘tmay huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari qurshovida qolishdi...

B.Ro‘ziyev hamda R.Husanov jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining hukmi bilan tegishli jazoga tortildilar.

Mavzuga oid
Top