SIM karta mashmashasi yoxud Ucell’ni sevgan do‘stimning boshidan kechirganlari
Hozir bir atama tez-tez tilga olinyapti: “Tashqarida XXI asr”. Bu asr shunchalik tez rivojlanyaptiki, bir paytlar o‘ta mashaqqatli bo‘lgan yumushlar endi uydan turib, internet orqali hal bo‘lmoqda. Hatto davlat, siyosat darajasidagi ishlar ham virtual yo‘llar bilan amalga oshirilmoqda. Bu juda quvonarli holat. Ammo afsuski, bu taraqqiyotning eng soddalari ham yetib bormagan hududlar bor, desam mubolag‘aga yo‘l qo‘ymagan bo‘laman.
Bir tanishim Ucell aloqa kompaniyasi bilan yuzaga kelgan voqea haqida gapirib qoldi. Uning aytishicha, bundan bir yillar muqaddam kompaniyadan SIM karta oladi, ya'ni u kompaniyaning mijoziga aylanadi. SIM kartali bo‘lgan do‘stim unda Telegram messenjerini faollashtiradi va SIM kartani ishlatmay bir chetga olib qo‘yadi. Aytgancha, u tadbirkor bo‘lib, aksari ishlarini mana shu messenjer orqali yuritadi. Xullas, kunlardan bir kun Telegram messenjeridan sahifasini faollashtirish uchun qayta kod kiritishi so‘raladi. Do‘stim Ucell SIM kartasini telefoniga joylashtiradi va uning blok qilinganiga guvoh bo‘ladi. Shundan keyin nima qilarini bilmay, mening oldimga maslahat so‘rab keldi.
Buning yo‘li oddiy edi - kompaniya operatorlari bilan bog‘lanish. Ucell.uz saytiga kirib, operator bilan bog‘lanish uchun u yerda ko‘rsatilgan (93) 180-00-00 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildim. Robot operator qo‘ng‘irog‘imga 10 daqiqadan keyin javob berilishini aytdi. 10 daqiqa-ya!.. Iloji yo‘q, kutdik. Ammo 16-daqiqaga borib ham hech kim javob bermadi. Qayta qo‘ng‘iroq qildim. Yana o‘sha ahvol... 11-daqiqaga kelib uzib qo‘ydim... 27 daqiqa, deyarli yarim soat kompaniya operatori bilan bog‘lanishga ketdi. Ammo natija kutganimizdek bo‘lmadi. Buning ustiga odamning ustidan kulgandek, har ikki daqiqada robot operator qo‘ng‘irog‘imizga tez orada javob berilishini, kutib turganimizdan xursand ekanligini takrorlaydi. Tag‘in o‘zbek, rus, ingliz tillarida. Shu o‘rinda nega uch tilda, degan savol tug‘iladi. O‘zbek va rus tillarini-ku tushundik, ammo ingliz tili nimaga zarur? Menimcha, kompaniyadagilar birorta chet ellik bizdan SIM karta olsa, tilimizga tushunmay, qiynalib qolmasin, deb o‘ylashgan shekilli. Ammo o‘sha xorijlik 10 daqiqa kutishga rozi bo‘larmikan? Kompaniya operatori bilan tezkor bog‘lana olmagan o‘sha chet ellik qaytib bu kompaniyaning yuziga qararmikan? Uzr, mavzudan chetlashib ketdik...
Xullas, operator bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Ayni kunlarda prezident bilan virtual bog‘lanish mumkin, ammo Ucell bilan bog‘lanish... Yana saytga murojaat etdim. Saytda kompaniya matbuot xizmati bilan bog‘lanish uchun na telefon raqam va na boshqa vositalar bor. Hamma yerda o‘sha sehrli raqam – (93) 180-00-00 va uning akasi (93) 181-00-00.
Birgina yo‘l qolgan edi. Kompaniyaning Shahrisabz shahridagi dilerlariga murojaat qilish. Yo‘lga tushdik. Tepasida katta etib Ucell Shahrisabz rasmiy diler deb yozilgan binoga bordik. Ne ko‘z bilan ko‘raylik-ki, shishali devorlariga bo‘z tortilgan, eshiklariga katta-katta qulf osilgan dilerlik pensiyaga chiqqan qariya singari homuza tortib o‘tirardi. So‘rab-surishtirib yana bir shunaqa dilerlik markaziga bordik. U yerdagi xodim Frants Kafkaning “Jarayon” romani qahramonlariga o‘xshash sovuq va loqaydlik bilan bizni eshitdi va labini qimirlatar-qimirlatmas “Buni Qarshida hal etishadi”, dedi. Ya'ni, biz bilan orasi 130 km. masofada bo‘lgan shaharni nazarda tutyapti.
Do‘stimning biznes ishlari qolib ketdi. Chunki hali aytganimdek, u SIM kartasini faollashtirishi, u orqali Telegram messenjerini ishlatishi va so‘ngra o‘z ishi bilan shug‘ullanishi lozim. Xullas Shahrisabzdan Qarshiga borish 15 ming so‘m, kelish 15 ming so‘m. Kompaniyaning Qarshidagi rasmiy dilerligi bu muammoni tekinga hal qilib berishmasa kerak, tushlik puli, xullas bitta SIM kartani faollashtirish uchun 50 ming so‘m pul, asablar, vaqt sarflanadi.
Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tishni lozim ko‘rdim. Do‘stim Ucell kompaniyasidan uzr so‘raydi. U bechora har hafta olgan SIM kartasiga 1000 so‘m-1000 so‘m pul tashlab turishni, bo‘lmasa karta blok holatiga tushib qolishini qayerdan bilsin. Messenjerdan shu raqam orqali foydalanyapman, uzilmasa kerak, deb o‘ylagan-da boyaqish. Mayli, hech qisi yo‘q bir burni yerga ishqalandi, endi qaytib bu xatoga yo‘l qo‘ymaydi.
Sarvar Anvar o‘g‘li
Mavzuga oid
09:00 / 19.09.2024
Ucell eng tez internet mukofoti sohibi bo‘ldi
09:48 / 14.08.2024
Andijonda Ucell xodimi kompaniyaning qariyb 450 mln so‘m pulini onlayn birjaga tikib, yutqazib qo‘ydi
19:17 / 01.08.2024
Ookla® tahliliga ko‘ra O‘zbekistondagi eng tezkor mobil internet Ucell'da ekani e’tirof etildi
17:00 / 20.12.2023