Jamiyat | 09:31 / 03.03.2017
9788
2 daqiqa o‘qiladi

"Navoiy kon metallurgiya” kombinatiga ishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan firibgar ushlandi

Xalqimizda “to‘qlikka sho‘xlik” degan ibora bor. Bu bejizga aytilmaydi. Mazkur gap zarafshonlik Laziz Ashurovga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham tegishli ekan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Bu shaxs “Navoiy kon metallurgiya” kombinatiga qarashli Markaziy kon boshqarmasining “Idoraviy harbiylashtirilgan harbiy otryadi”ning nazoratchisi edi. L.Ashurov yaxshigina faoliyat yuritar edi. Biroq to‘qlikka sho‘xlik qildi.

L.Ashurov 2015 yilning sentabr oyida fuqaro Sherzod Sadirovning ishonchiga kiradi va uni aldab, Markaziy kon boshqarmasiga qarashli tashkilotlardan biriga ishga joylashtirib qo‘yishni va'da qiladi. Evaziga Sherzoddan 400 ming so‘m pul talab qiladi. Firibgarga 390 ming so‘m bergan Sh.Sadirov oradan bir necha oy o‘tgandan so‘ng aldanganligini tushunib yetadi va tegishli joyga ariza bilan murojaat qiladi.

Sh.Sadirov har safar qo‘ng‘iroq qilganida L.Ashurov pullarni tegishli shaxslarga berib qo‘yganligini, ish tez orada hal bo‘lishini aytib, yolg‘on va'dalar beraveradi. Sherzod pullarini qaytarishni talab qilib, aks holda huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat qilishini aytadi. L.Ashurov 2016 yilning aprel oyida olgan pullaridan 190 ming so‘minini qaytarib berayotgan vaqtda SVOJJDLQK departamentining Zarafshon shahar bo‘limi xodimlari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlandi. 

Ushbu holat sud tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, L.Ashurovga nisbatan eng kam ish haqining 60 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid