Jahon | 17:07 / 03.03.2017
8796
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Bosh shtabi va NATO so‘nggi uch yil ichida birinchi marta muzokaralar o‘tkazdi

Foto: TASC

Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov va NATO Harbiy qo‘mitasi raisi general Petr Pavel juma kuni muzokaralar o‘tkazishdi. Ular NATO tomoni tashabbusi bilan Rossiya bilan munosabatlar muzlatilganidan beri ilk bora o‘tkazildi, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Alyans Rossiya bilan munosabatlarni bir tomonlama muzlatib qo‘yish haqida 2014 yilning aprelida qaror qabul qildi.

"2017 yilning uchinchi martida NATO tomoni tashabbusi bilan Rossiya Federatsiyasi Bosh shtabi boshlig‘i – Rossiya mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari armiya generali Valeriy Gerasimovning NATO Harbiy qo‘mitasi raisi general Petr Pavel bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu NATO Kengashi tomonidan Rossiya bilan munosabatlarni muzlatish haqida qaror qabul qilinganidan beri harbiy yo‘nalishdagi oliy darajada bo‘lgan ilk aloqadir", - deyiladi xabarda.

Tomonlar muloqot davomida xavfsizlik muammolari, harbiy yo‘nalishdagi o‘zaro harakatlarni tiklash istiqbollari, Rossiya mudofaa mahkamasi tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlardagi alyans vakillarining ishtiroki va ular ishtirokidagi hodisalarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Xabarda ta'kidlanishicha, Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i suhbatdoshi e'tiborini Shimoliy Atlantika ittifoqining Rossiya chegaralari yaqinidagi harbiy faolligi ortishi bilan bog‘liq mavjud tashvishlarga qaratdi. 

Shuningdek Gerasimov uni Rossiya mudofaa vazirligi 2017 yilda o‘tkazishni rejalashtirgan muhim xalqaro tadbirlar va mashqlar haqida xabardor etgan.

"Tomonlar Yevropadagi keskinlikni kamaytirish va vaziyatni barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan o‘zaro qadamlar kerakligini tasdiqlashdi. Armiya generali V.V. Gerasimov va general P. Pavel bunday aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar", - deya qo‘shimcha qilib o‘tishgan Rossiya mudofaa vazirligida.

Mavzuga oid