Jahon | 15:47 / 20.01.2026
3179
3 daqiqa o‘qiladi

GFR hukumati: Ukrainadagi energiya ta’minoti falokatli holatga yaqin

GFR TIV vakili ma’lum qilishicha, Germaniya tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning energetika obektlariga zarbalari va qattiq sovuqlardan jabr ko‘rayotgan ukrainaliklarga gumanitar yordam uchun yana 60 mln yevro ajratdi.

Foto: Sergei Gapon/AFP/Getty Images

Rossiyaning Ukraina hududiga davom etayotgan zarbalari oqibatida mamlakat infratuzilmasi va energiya ta’minoti “kollaps” yoqasiga kelib qolgan, deb bildirdi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi dushanba, 19 yanvar kuni. Vazirlik rasmiy vakilining aytishicha, GFR TIV Rossiyaning energetika obektlariga qaratilgan “shafqatsiz hujumlari” va kuchli sovuqlardan aziyat chekayotgan ukrainaliklar uchun gumanitar yordamga qo‘shimcha 60 mln yevro ajratgan.

TIV vakili aniqlashtirishicha, ushbu mablag‘lar hisobiga front oldi hududlaridagi aholi eng zarur tovarlarni sotib olishi uchun pul to‘lovlarini oladi. Bular qatoriga panohgohlar uchun avariyaviy generatorlar, isitish tizimlari, kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shaklar kiradi. Qo‘shimcha choralar ko‘rish imkoniyatlari ham o‘rganilmoqda.

Ukraina energiya tizimiga qaratilgan uzoq davom etayotgan va ommaviy Rossiya hujumlari keskin sovuq tushishi bilan birga bir qator mintaqa­larda o‘ta jiddiy vaziyatga olib kelgan. Xususan, 19 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Chernixiv viloyatiga hujum qilib, energetika infratuzilmasining biryo‘la 5 ta muhim obektiga zarar yetkazgan. “Chernigovoblenergo” kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘n minglab iste’molchilar elektrsiz qolgan. Energetiklar ta’mirlash ishlarini boshlagan, biroq xavfsizlik vaziyati tufayli tiklash uzoqqa cho‘zilishi mumkin.

19 yanvar tongi holatiga ko‘ra, hujumlar oqibatida Sumi, Odessa, Dnipropetrovsk, Xarkiv va Chernixiv viloyatlaridagi iste’molchilar elektr ta’minotidan uzilgan, dedi Ukraina energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Artyom Nekrasov brifingda.

Nekrasovning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev shahri va Kiyev viloyatida energetika holati ayniqsa murakkabligicha qolmoqda, sovuqlar esa energotizimga qo‘shimcha yuk bo‘lyapti. Poytaxtda elektr ta’minotini tiklash ustida 60 ta brigada ishlamoqda, shulardan 12 tasi boshqa hududlardan jalb qilingan. Taqsimlash tizimi operatorlari tarmoq cheklovlarini qo‘llashda davom etmoqda. Ilgari e’lon qilingan soatbay o‘chirish jadvallari esa hozircha vaqtincha amal qilmayapti.

Avvalgi haftalarda bo‘lganidek, Odessa viloyatida ham tarmoq cheklovlari saqlanib qolmoqda: u yerda RFning oldingi hujumlaridan keyin avariya-tiklash ishlari davom etyapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid