Jahon | 14:58
1123
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya aviakompaniyalari eski samolyotlar bir qismini qayta ishlatishga qaytarmoqda

Rossiya aviakompaniyalari 2026 yilda avval konservatsiya qilingan (saqlovga qo‘yilgan) samolyotlarning bir qismini qaytadan ekspluatatsiyaga qaytarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda dushanba, 19 yanvar kuni “Izvestiya” gazetasi “Rostex” davlat korporatsiyasidagi manbalariga tayanib yozdi. 

Foto: «Rostex»

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, amaldagi texnika tiklash dasturi doirasida aviatashuvchilarga 12 ta samolyotdan 10 tasi allaqachon topshirilgan: yettita Tu-204/214, bitta An-148 va ikkita Il-96V. Dastur 2027 yilgacha uzaytirilgan, aviakompaniyalarga hali yana ikki dona raskonservatsiya qilingan Tu-204ni topshirish qolgan.

“Izvestiya” yozishicha, avval saqlovda turgan xorijiy samolyotlar ham tiklanmoqda. Xususan, muntazam reyslarni bajarayotgan ikki qavatli Boeing 747 samolyotlari soni 2026–2027 yillarda ikki baravargacha ko‘payishi mumkin. “Rossiya” aviakompaniyasi ushbu laynerlar parkini ikkitadan to‘rttagacha oshirishni rejalashtiryapti. Gap “Transaero” bankrot bo‘lganidan keyin tashuvchiga o‘tgan va avval saqlovda turgan bortlar haqida ketmoqda. Ulardan biri 2025 yil noyabr oyida tiklangan, yana birini safga qo‘shish 2027 yilga rejalashtirilgan.

Gazeta soha vakillariga tayanib ta’kidlashicha, Rossiya aviakompaniyalari uchun Boeing 747’ni ta’mirlash va tiklash ishlari “do‘st davlatlar”da, masalan, texnik baza va mutaxassislar mavjud bo‘lgan Eronda amalga oshirilishi mumkin.

Mutaxassislar eski laynerlarni ekspluatatsiyaga qaytarishni Ukrainadagi urush uchun joriy etilgan sanksiyalar fonida aviatexnika tanqisligi kuchaygani bilan bog‘lamoqda. Shuningdek, Rossiya aviatsiya sanoati hali o‘z samolyotlarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya olmagan. Ekspertlar bahosiga ko‘ra, RF aviakompaniyalari deyarli barcha yaroqli parkdan foydalanib bo‘lgan, ayni paytda har yili muayyan qismi hisobdan chiqarilishi kerak bo‘lgan bortlar paydo bo‘ladi, ularni yangi samolyotlar bilan almashtirish esa hozircha imkonsiz. “Izvestiya” qayd etishicha, shu sabab 2025 yilda Rossiyada yo‘lovchi oqimi biroz pasaygan.

Ekspertlar fikricha, 2025 yilga kelib Rossiya dilerlari uchinchi davlatlar orqali Airbus va Boeing uchun sanksiya ostidagi ehtiyot qismlarni “kulrang import” (yashirin/aylanma yo‘llar) bilan olib kirishni yo‘lga qo‘ygan. Ularga ko‘ra, shuningdek “kannibalizatsiya” — ya’ni ayrim samolyotlarni ehtiyot qism uchun qismlarga ajratish amaliyoti aviakompaniyalarga sanksiyalarga qaramay g‘arb samolyotlarini ishlatishda davom etish imkonini beryapti.

“Agenstvo” nashri RussiaPlanes ma’lumotnomaciga tayanib yozishicha, “Rossiya” aviakompaniyasida saqlovda yettita Boeing 747 bor: eng eskisi 28 yoshda, eng yangici 25 yoshda. Ularning uchishga yaroqlilik sertifikatlari 2021–2024 yillar oralig‘ida tugagan. Red Wings aviakompaniyasi parkida esa to‘rtta Tu-204 bor: eng eskisi 31 yosh, eng yangici 17 yoshda. Bu bortlarning uchishga yaroqlilik sertifikatlari 2019–2025 yillar oralig‘ida yakunlangan.

Mavzuga oid