Jahon | 15:18 / 04.03.2017
6123
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yaqin Sharq va Afrikaga harbiylarni jo‘natmoqchi

Foto: Reuters

Pentagon Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika hududida terrorchilik bilan kurashni kuchaytirish maqsadida yangi harbiy maxsus bo‘linmalarni joylashtirish haqida buyruq berdi. Bu haqda ABC News telekanali xabar tarqatdi.

Avvalroq Amerika rahbari Donald Tramp Virginiya shtatining Nyuport-Nyusdagi yangi “Jyerald Ford” aviatashuvchisi bortida dengizchilar oldida chiqish qilib, AQSh o‘z qirg‘oqlaridan uzoq bo‘lgan yerlarda terrorchilik bilan kurash bo‘yicha amaliyotlarni amalga oshirish uchun harbiy-dengiz kuchini oshirib borishi haqida ma'lum qildi.

Amerikalik aksilterrorchilik bo‘yicha mutaxassislarning telekanalga aytishicha, hokimiyat tepasiga yangi ma'muriyat kelishi bilan AQSh tashqarisida maxsus amaliyotlar o‘tkazish haqidagi fikrlar o‘zgardi va ular sonini Yaman, Suriya hamda Iroqda oshirishga qaror qilindi. Radikal guruhlar bilan kurash uchun “Delta” nufuzli otryadi harbiylari va AQSh harbiy-dengiz kuchlarining SEAL maxsus topshiriqli kuchlari jo‘natiladi. Bu haqda rasman e'lon qilinmagan.

"Al-Qoida" va IShIDga zarbalar Trampning Mettis (Pentagon rahbari – muh.) va milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi maslahatchisi Makmaster ishtirokidagi ma'muriyati davrida ko‘paytiriladi, bu harbiy boshliqlarga josuslik reydlari va hujumlarni o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini beradi", - deya ma'lum qildi xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Maykl Prijyent telekanalga.

Prijyentning fikricha, Yamandagi hujumlar sonini ortishi “AQSh radikal guruhlar bilan barcha yerda kurashishi mumkinligini ko‘rsatadi”.

"Aksilterrorchilik amaliyotlari sonining oshishi Yaman hukumatining terrorchilik bilan kurash borasidagi imkoniyatlari yo‘qligi hamda Obama ma'muriyati paytidagi amaliyotlarning juda cheklangan miqdorini bartaraf etadi", - deya hisoblaydi sobiq prezident Barak Obama paytida milliy xavfsizlik Kengashining aksilterrorchilik bo‘yicha direktori, iste'fodagi polkovnik Mark Mitchell. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yamanda amaldagi hukumatning yo‘qligi “Arabiston yarim orolida Al-Qoidaga haqiqiy bosim o‘tkazilmayotganini ko‘rsatayotgan vaziyat”ga olib kelgan.

Ma'lumot uchun, Yamanda 2014 yildan beri harbiy mojaro davom etmoqda, unda bir tomondan “Ansor Alla” shialar harakatidan bo‘lgan isyonchi-husiylar va sobiq prezidenti Ali Abdulla Solihga tarafdor bo‘lgan kuchlar, boshqa tomonidan esa – hukumat qo‘shinlari va prezident Abd Rabbu Mansur Hodini qo‘llab-quvvatlovchi ko‘ngillilar ishtirok etmoqda.

Mavzuga oid