Jamiyat | 19:01 / 04.03.2017
8153
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat sharqshunoslik institutining 200 nafar bitiruvchisi ishli bo‘ldi

Foto: Madina Nurman

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ta'lim muassasalarida tashkil qilinayotgan bitiruvchilar yarmarkasining navbatdagisi 3 mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘tkazildi.

Unda vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar, «Kamolot» YoIH, banklar, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatuvchi qo‘shma korxonalar, Milliy xavfsizlik instituti hamda 60dan ortiq boshqa tashkilotlarning vakillari joriy yilda oliy o‘quv yurtini tamomlashi ko‘zda tutilgan 551 nafar talaba bilan o‘zaro muloqot olib borish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Bitiruvchilar o‘z mutaxassisligi va qiziqishi bo‘yicha ish beruvchilar bilan shartnomalar imzolashdan tashqari, bevosita mutaxassislikka yo‘naltirilgan interfaol tanlov, yakkama-yakka suhbat jarayonlarida qatnashish, ish beruvchi korxonalardagi vakant o‘rinlar, mehnat va maishiy-madaniy shart-sharoitlar, ish haqi miqdori bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Ta'kidlash lozimki, bugungi kunda institutdagi 14ta sharq va 4 ta g‘arb tillari bo‘yicha bakalavr ta'lim yo‘nalishida 1884 nafar va magistratura mutaxassisligida 202 nafar talaba tahsil oladi. Bu yili bakalavriatni 434 nafar va magistraturani 117 nafar talaba bitirib chiqadi.

O‘tkazilgan mazkur yarmarkada 200 nafardan ortiq talaba ish bilan ta'minlanishiga erishildi.

Foto: Madina Nurman
Foto: Madina Nurman

Mavzuga oid