Jamiyat | 16:54 / 07.03.2017
21304
4 daqiqa o‘qiladi

Bir kishiga 5 kilodan ortiq mumkin emas: Dushanbeda kartoshka inqirozi

Foto: Sputnik

Tojikistonning ayrim bozorlarida, masalan, Shohmansur bozorida kartoshka savdosiga cheklov kiritildi — bir kishi kuniga 5 kilodan ortiq sotib olishi mumkin emas, deb xabar bermoqda Sputnik Tojikiston.

Dushanbe shahri oziq-ovqat bozorlarida kartoshka narxi deyarli ikki baravarga oshib ketdi — endi xaridorlar bir kilo kartoshka uchun kamida 4 somoniy (0,50 dollar) to‘lashlari lozim. “Ikki kun ilgari kartoshkaning kilosi 2,8 somoniy edi”, deyiladi xabarda.

Sotuvchilar narxlarning keskin oshishiga So‘g‘d viloyatidan poytaxtga oziq-ovqat mahsulotlari qiyinchilik bilan keltirilayotgani, Dushanbe-Chanak yo‘lining bir oydan buyon qor ko‘chkilari ostida qolganligi sabab bo‘ldi deyishmoqda.

Kartoshkaning sifati ham haminqadar: juda mayda va chirigan. Ba'zi sotuvchilardan Tog‘li Matchon tumanidan qiyinchilik bilan keltirilgan sifatli kartoshkani topish mumkin.

Xabarda aytilishicha, “sotuvchilar kartoshkani olib-sotarlar sotib olmasligi uchun hushyor turishibdi. Kecha Dushanbedan 225 km uzoqlikda joylashgan Jirg‘atoldan keltirilgan mayda kartoshkalarni keyinchalik qimmatroqqa sotish uchun 2,80 somoniydan sotib olishga uringan erkak ushlandi”.

Bozordagi sotuvchilar aynan mana shunday kartoshkani g‘amlab olishgan va endi bir kishiga kuniga atigi 5 kilodan sotishga majbur.

"Hozir 17 tonna zaxiramiz bor. Ishqilib, Xudo vaziyatni o‘nglagani rost bo‘lsin. Agar ob-havo yana bir hafta bugungiday quyoshli bo‘lib tursa, narxlar joyiga tushadi va oldingidek yaxshi kartoshkani 2,50-2,80 somoniydan sotib olish mumkin bo‘ladi. Hozircha bori bilan kifoyalanamiz", — deydi Shohmansur bozori direktori Saidjalol Mo‘minov.

Uning aytishicha, shaharda kartoshka inqirozi yo‘q, shunchaki yaxshi, "odamlarbop kartoshka" taqchilligi sezilmoqda.

"Biz aholi bir lahzada kartoshkasiz qolmasligi uchun bu muammoni hal qilishga urinmoqdamiz. Shuning uchun Jirg‘atoldan keltiryapmiz. Yo‘l va qor ko‘chkilari muammosi bartaraf etilgach, yana Matchondan kartoshka keltiramiz. Hozircha uning narxi juda qimmat. Bizning bozorimizda yanayam arzon, agar sal nariroqdagi bozorlarga borsangiz, matchon kartoshkasini 4 somoniyga ham topa olmaysiz. U yerlarda bu kartoshka ancha qimmat", — degan bozor direktori.

Tojikistonda fevral oxirida keyingi 30 yildagi eng kuchli qor yog‘inlari sababli 100ga yaqin qor ko‘chish hodisasi yuz berdi.

Tabiiy ofatlar nafaqat iqtisodiy zarar yetkazdi, balki insonlar qurbon bo‘lishiga ham sabab bo‘ldi. Ikki yuzdan ortiq mashina qor "qopqon"i ostida qoldi, Dushanbe va Xo‘jand o‘rtasidagi transport qatnovi vaqtincha to‘xtadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 mart kuni O‘zbekiston Tojikistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi. Insonparvarlik yordami tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, qurilish materiallari, ko‘mir, issiq kiyim va birinchi ehtiyoj uchun zarur boshqa tovarlar bor. 

Mavzuga oid