Jahon | 23:17 / 09.03.2017
16400
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbe hokimligi binosi buzilmoqda

Foto:Asia-Plus

Bugun Sino tuman ma'muriyati ishchilari poytaxt hokimligi binosini buzishga kirishishdi. Bino atrofida chuqurlar qazilgan; yaqin ikki kun ichida hokimlik to‘siq bilan o‘raladi va kapital buzilish amalga oshiriladi. Hozirda hokimlikdan qolgan mebellar olib chiqilmoqda, elektr tizimi o‘chirilmoqda. Bu haqida AsiaPlus nashri xabar berdi. 

Hokimlik, Tojikiston qishloq xo‘jalik vazirligi, Eron elchixonasi  va bir necha turar-joy kompleksi o‘rniga parlament majmuasi quriladi. 

"Tojikiston parlament majmuasi binosi Tehron ko‘chasi hududida bunyod etiladi. Ushbu hududda joylashgan barcha binolar buziladi, yangi qurilgan inshootlargina bundan mustasno", - dedi shahar ma'muriyati manbai. 

Majmuaning qurilishi Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtiriladi. Tojikiston prezidentining 2016 yil yanvarida Saudiyaga qilgan safari davomida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Saudiya qiroli tashabbusi bilan Dushanbeda parlament majmuasini qurishga zarur mablag‘ ajratiladi. 

Dushanbe ma'muriyati binosi o‘tgan yuz yillikning 50-yillarida qurilgan. 

Mavzuga oid