14:56 / 10.03.2017
11972

O‘zbekiston va Yaponiya ta'lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti qoshidagi xorijiy tillarga o‘qitishning innovatsion usullarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazida Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Yaponiya ta'lim muassasalari bilan ikki tomonlama hamkorlikni o‘rnatish, professor-o‘qituvchilar tarkibi va tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda yoshlarga ta'lim berish maqsadida dunyo standartlari asosida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda, mamlakatimizda jahonning ko‘plab yetakchi universitetlari filiallari ochildi va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Markaz direktori Ulug‘bek Azizovning aytishicha, har ikki mamlakat ilm-fan va ta'lim sohasida o‘zaro harakatlarni tashkil etish va kengaytirish uchun katta salohiyatga ega. Respublikada mustaqillik yillarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, ularning natijasida mamlakatda samarali ta'lim tizimi shakllantirildi. 

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakili Asami Eidji esa uchrashuv sermahsul bo‘lganini qayd etdi. “Biz uning doirasida foydali muzokaralar o‘tkazdik, O‘zbekiston ta'lim tizimi va xorijiy tillarga o‘qitishning innovatsion usullari zamonaviy rivojlanishi haqida ko‘plab yangi ma'lumotlar oldik. Biz O‘zbekistonga tajriba almashish va o‘zbek madaniyatini o‘rganish maqsadida talabalar guruhini jo‘natish niyatidamiz”.

Tashrif yakuniga ko‘ra ta'lim sohasidagi aloqalarni qo‘shma tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlarni o‘tkazish va amaliyotchilarni o‘zaro almashish orqali faollashtirishga kelishib olindi.

Top