22:57 / 11.03.2017
9906

16 yil ochlik e'lon qilgan hind faoli saylovlardan "to‘yganini" aytdi

O‘tgan yili 16 yil davom etgan ochlik e'lon qilishni tugatgan hindistonlik faol Irom Sharmila Manipur shtatining qonun chiqaruvchi organiga saylovlarda qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. U bor-yo‘g‘i 90 ovoz to‘pladi. 

Sharmila o‘zining "Xalq tiklanishi va adolat alyansi" partiyasidan shtatning amaldagi rahbari, "Hind milliy kongressi" partiyasidan Okram Ibobi Singx bilan bir okrug bo‘yicha saylovda ishtirok etgan.

Ovozlar hisob-kitobi natijasiga ko‘ra, Sharmila 90 ovoz, Singx esa 18,5 ming ovoz to‘plagan. Sharmila bunga munosabat bildirib, bunday natijani kutmaganini va boshqa saylovlarda ishtirok etmasligini aytgan.

"Men mag‘lubiyatimdan uyalmayman, biroq saylovlardan to‘ydim va kelgusida ularda boshqa ishtirok etmayman. Ammo men partiyam saqlanib qolishini istayman", deb aytgan Sharmila.

Irom Sharmila misli ko‘rilmagan fuqarolik bo‘ysunmasligi aksiyasi uchun "Manipurning temir xonimi" degan nom olgan: u 2000 yil 5 noyabrda 28 yoshida qurolli kuchlarga maxsus vakolatlar, jumladan harbiylarga Hindistonning shimolidagi turli ayirmachilik guruhlariga qarshi kurashda keng imkoniyatlar bergan qonunning bekor qilinishiga erishmoqchi bo‘lib ochlik e'lon qilgan. Ayolning norozilik aksiyasiga esa "Assam merganlari" harbiylashtirilgan korpusi xizmatchilari tomonidan Malom shahrida 10 fuqaro, jumladan 2 bolaning o‘ldirilishi bevosita sabab bo‘lgan. 

Sharmila ochlikni 2016 yil 9 fevralida yakunlagan. Faol bahsli qonun bekor qilinmaguncha ovqat yeyishdan, suv ichishdan, sochlarini tarash va ko‘zguga qarashdan bosh tortgan. Biroq u ochlikni boshlagandan 3 kun o‘tib hibsga olingan va unga "joniga qasd qilishga urinish" ayblovi qo‘yilgan. Ayolning salomatligi yomonlashayotgani sababli hukumat unga majburan ovqatlantirish jarayonini qo‘llagan. Ayol bir necha bor ozodlikka qo‘yib yuborilgan, biroq so‘ngra yana hibsga olinib, majburiy ravishda ovqatlantirilgan.

Mavzuga oid
Top