Jamiyat | 11:53 / 11.03.2017
11848
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatida parhez go‘sht yetishtirish yanada ko‘paytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10 mart kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘zining saylovoldi dasturida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Buxoro viloyatini ham rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalarni bayon etgan edi. Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, istiqbolli loyihalar bilan tanishmoqda.

Davlat rahbari Jondor tumanidagi “Jondor chinor chorva” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etiladigan parrandachilik majmuasi loyihasi bilan tanishdi.

Buxoro viloyatida parrandachilikni rivojlantirish maqsadida intensiv texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Natijada tuxum va parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Bugungi kunda viloyatda parrandalar 3,8 million boshga, tuxum ishlab chiqarish 347,7 million donaga yetdi.

Parhez go‘sht yetishtirishni yanada ko‘paytirish maqsadida “Jondor chinor chorva” mas'uliyati cheklangan jamiyati Niderlandiyadan naslli parranda olib keldi. Endi korxona negizida qo‘shimcha ravishda parranda go‘shtini qayta ishlash sexi, 110 ming bosh jo‘ja o‘stirishga mo‘ljallangan majmua ishga tushiriladi. Umumiy qiymati 15 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha natijasida parranda go‘shti tayyorlash 2 ming tonnaga yetkazilib, uning ming tonnasi qayta ishlanadi. Aholiga 18 million dona tuxum, 1 million dona jo‘ja yetkazib beriladi. Jami 285 ish o‘rni yaratiladi.

"O‘zmilliybank" huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va “Property Industry” mas'uliyati cheklangan jamiyati ta'sischiligida Buxoro tumanida 38 gektarda agrologistika markazi barpo etilmoqda. 21,8 million dollarlik mazkur loyiha doirasida bu yerda Xitoy, Germaniya, Daniya texnologiyalari asosida meva-sabzavotlarni quritish, muzlatish, murabbo, jyem va tuzlamalar ishlab chiqarish quvvatlari, muzlatkich va sublimatsiya tashkil etiladi. Bu yiliga 10 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash, dastlabki yillarda 6,5 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini beradi. 250 doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Ushbu agrologistika markazida mahalliy xomashyo asosida eni 12 metrlik polietilen plyonkalar, agrokimyoviy vositalar va suyuq o‘g‘itlar ham ishlab chiqariladi. Shu paytgacha xorijdan keltirilgan bu mahsulotlar import o‘rnini bosish bilan birga, eksportga ham yo‘naltiriladi.

Peshku tumanida tashkil etiladigan chorvachilik kompleksi loyihasi namoyish etildi.

2016 yilda Buxoro viloyatida qoramollar bosh soni 2015 yilga nisbatan 4,1 foizga, qo‘y va echkilar 5,5, go‘sht yetishtirish 7,1, sut ishlab chiqarish 9,5 foizga oshdi.

Yangi chorvachilik kompleksi 1000 bosh qoramol va 1 ming 500 bosh qo‘y boqishga mo‘ljallangan. Umumiy qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan mazkur loyiha natijasida 2 ming 650 tonna sut, 200 tonna go‘sht, 2,5 tonna jun ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 800 gektar maydonda ozuqa yetishtiriladi. 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Shu yerda Buxoro, Peshku, Romitan, Olot tumanlarida tashkil etilayotgan chorvachilik xo‘jaliklari loyihalari haqida ham ma'lumot berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid