18:22 / 15.03.2017
16031

KXDR AQSh va Janubiy Koreya qo‘shma mashqlarini urush e'lon qilish deb hisoblamoqda

Foto: AP

KXDR ayni damdagi Amerika-Janubiy Koreya mashqlarini urush e'lon qilish deb hisoblamoqda. Bu haqda Shimoliy Koreyaning "Nodon sinmun" markaziy gazetasida e'lon qilingan maqolada so‘z yuritildi.

"Pxenyan tomonidan AQSh va Janubiy Koreyaning qo‘shma mashqlari Key Resolve hamda Foal Eagle ochiqdan-ochiq urush e'lon qilish sifatida ko‘rilmoqda", - deya yozgan Koreya Mehnat partiyasi rahbariyatiga yaqin bo‘lgan nashr. Gazetaning taxminicha, Vashington va Seulning kuchni ko‘rsatish haqidagi qarori "Koreya yarim oroli va butun Shimoli-Sharqiy Osiyoda yadro urushi tahdidini oshirmoqda".

Maqolada aytilishicha, Pxenyan "vaziyatlar rivojini sustlik bilan kuzatish niyatida emas". "Agarda bitta Amerika va Janubiy Koreya snaryadi KXDR suveren hududiga tushsa, unda uning raketalari tajovuzkor va fitnachilarning barcha bazalarini hayot uchun yaroqsiz joyga keltiradi", - deya xulosa qilgan nashr.

Ma'lumot uchun, Koreya yarim oroli janubida 1 martdan AQSh va Janubiy Koreyaning qo‘mondonlik-shtab mashqlari o‘tkazilmoqda. Bugun unda ishtirok etish uchun Amerikaning Carl Vinson aviatashuvchisi keldi. Taxminlarga ko‘ra, mashqlarga Amerikaning yana bitta yoki ikkita suvosti kemasi qo‘shiladi hamda ular o‘z bortida yadro raketalarini olib yurishi mumkin. Shuningdek AQSh tomonidan mashqlarda payqash mushkul bo‘lgan F-35B ko‘p funksiyali qiruvchi-bombardimonchilari va 3,5 ming harbiy xizmatchilar ishtirok etadi.

Top