AQSh Adliya vazirligi juma kuni, 30 yanvarda Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha yana 3 million sahifadan ortiq hujjatni oshkor qilganini ma’lum qildi. Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Todd Blansh matbuot anjumanida, shuningdek, 2000 dan ortiq videoyozuv va 180 000 ta boshqa tasvir ham e’lon qilinganini aytdi.
“Bugungi chiqarish Amerika xalqi uchun ochiqlikni ta’minlash va qonunga rioya etishga qaratilgan hujjatlarni aniqlash hamda tekshirishning juda puxta jarayoni yakunlanganini anglatadi”, — dedi adliya vaziri o‘rinbosari.
Blanshning aniqlashicha, vazirlik arxivida jami olti million sahifa bor, ammo ularning yarmidan biroz ko‘prog‘igina Epshteynga bevosita aloqador. Demak, idora bayonotiga ko‘ra, hozirgacha umumiy hisobda “deyarli 3,5 million sahifa” e’lon qilingan — shu bilan ishga nuqta qo‘yilgan.
Materiallarni oshkor qilish jarayonida kechikish yuz bergan. AFP agentligi qayd etishicha, AQSh Kongressi qaroriga ko‘ra, jarayon 2025 yil 19 dekabrga kelib deyarli to‘liq yakunlangan bo‘lishi kerak edi.
Tramp ma’muriyati kechikishlarni jinsiy jinoyat qurbonlarining shaxsini yashirish zarurligi bilan tushuntirgan. Blanshning aytishicha, materiallarda aks etgan barcha ayollarning yuzi, Epshteynning yordamchisi Gisleyn Maksvelldan tashqari, retush qilingan (yashirilgan). Oq uy esa Tramp ma’muriyati “qurbonlar uchun demokratlar hech qachon qilmagan darajada ko‘p ish qildi”, deb bayonot bergan.
Boshqa hujjatlar orasida, xususan, Federal tergov byurosi (FBI) blanki ham e’lon qilingan bo‘lib, unda 13 yosh paytida o‘zini zo‘rlanganini aytib, AQSh prezidenti Donald Trampni ayblagan ayolning shikoyati batafsil bayon etilgan. CNN telekanali eslatishicha, bu ayol avvalroq Trampga qarshi bir necha bor anonim tarzda da’vo arizalari kiritgan, ammo har safar ulardan voz kechgan; eng so‘nggi marta — 2016 yilgi saylovlar arafasida.
Hujjatlar e’lon qilinishi oldidan Respublikachilar partiyasi ichida keskin ixtiloflar bo‘lgan. Donald Tramp dastlab materiallarni oshkor qilish haqidagi qonunga qarshi chiqqan, ammo o‘z tarafdorlarining bosimi ostida baribir uni imzolagan.
Epshteyn ishi bo‘yicha avvalroq e’lon qilingan materiallar allaqachon qator mashhur shaxslar bilan aloqalarni ko‘rsatgan, jumladan, Britaniya shahzodasi Endryu ham tilga olingan — u shu sababli qirollik unvonidan mahrum bo‘lgan. Bundan tashqari, JPMorgan banki Epshteynga ko‘p yillar davomida mijoz sifatida xizmat ko‘rsatgani uchun qurbonlar bilan tuzilgan kelishuv doirasida 290 million dollar to‘lagan. AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ish materiallarida 1200 dan ortiq jabrlanuvchi aniqlangan. Epshteyn esa 2019 yilda Manhettendagi qamoqxonada, sudni kutar ekan, o‘z joniga qasd qilgan.











