Jamiyat | 18:35 / 15.03.2017
42082
2 daqiqa o‘qiladi

Terminalga savdo qilishda narxni sun'iy oshirishga moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi PQ–2777 sonli «Pul aylanmasini yanada yaxshilash va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish choralari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan qonunchilikka o‘zgartishlar to‘plamini ishlab chiqdi. Ayni vaqtda hujjat loyihasi Me'yoriy-huquqiy hujjatlar portalida muhokama uchun joylashtirilgan. 

Birinchi navbatda, Soliq kodeksi, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida», «Xususiy korxona to‘g‘risida», «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida», «Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari to‘g‘risida» va «Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda davlat nazorati to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish belgilangan.

O‘zgarishlar, asosan, naqd yoki plastik kartaga savdo qilishda mahsulot narxini sun'iy ravishda oshirish, nazorat-kassa apparatlaridan foydalanish, belgilangan tartibda talon va cheklarni berish, naqd pul tushumini o‘z vaqtida to‘liq hajmda inkassatsiya qilish bo‘yicha qisqa muddatli tekshirishlarni o‘tkazishga doirdir. 

Unga ko‘ra, bu kabi tekshirishlarni o‘tkaziish uchun Nazorat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashining maxsus ruxsatnomasi talab etilmaydi. Hududiy yoki tuzilma soliq bo‘limi rahbarining buyrug‘i asos bo‘la oladi. Faqat buyruqda tekshiruv maqsadi, muddati va tekshiruvchilarning ism-sharifi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. 

Loyihada naqd va plastik karta orqali savdoda ikki xil narxga sotish uchun belgilanayotgan eng kam oylik ish haqining 30 baravari miqdoridagi jarima ma'muriy emas, aksincha moliyaviy sanksiya deb e'tirof etiladi. Soliq kodeksining 119-moddasi shunday band bilan to‘ldiriladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid