Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Viloyat hokimiyati va mutasaddi rahbarlar andijonliklarning murojaatiga javob berdi
Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi Andijon viloyatiga safar uyushtirgan va viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan turli mavzularda suhbatlashgan edi. Bundan tashqari, tahririyatga andijonliklar tomonidan yo‘llangan turli murojaatlar ham hokimiyatga taqdim etilgan va ularning ijrosi bo‘yicha tahririyatning xabardor etilishi iltimos qilingan edi.
Tahririyatga Andijon viloyati hokimiyatidan mazkur murojaatlarga javob maktubi keldi. Ushbu murojaatlarning aksari viloyatda elektr energiyasi, tabiiy gaz ta'minoti, toza ichimlik suvi, shahar infratuzilmasi va ichki yo‘llar mavzusida edi. Quyida ushbu masalalarga viloyat hokimligi tomonidan yo‘llangan javoblar havola etiladi.
Toza ichimlik suvi masalasi bo‘yicha
1. Murojaatlarning birida Andijon viloyati, Jalaquduq tumanidagi ayrim hududlarda toza ichimlik suvi yomon ekani, buning oqibatida mahalliy fuqarolarning buyragiga tosh yig‘ilayotgani aytiladi. Ushbu masalada hokimiyat bergan javob quyidagicha bo‘ldi:
“2017 yilda Davlat dasturi asosida tumanning Abdulabiy QFY, Ko‘tarma MFYda bir dona yer osti suv qudug‘i va 5 km suv tarmoqlari hamda Teshiktosh QFY Haqiqat, Dehqonobod, Uzun ko‘cha MFYda bir dona yer osti suv qudug‘i, 8 km suv tarmog‘i, 11,0 kilometrli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Tumanning qolgan MFYlaridagi ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan aholi punktlari 2014-2021 yillar manzilli dastur asosida bosqichma-bosqich ichimlik suvi bilan ta'minlanadi”.
2. Yana bir murojaat viloyatning Jalaquduq tumani, Janubiy Olamushuk shaharchasidan kelib tushgan. Unda aytilishicha, har bir mahallaga bittadan grant (suv quvuri) kavlab tushirilgan, lekin ulardan ba'zida 2-3 kunlab suv kelmaydi. Ushbu masala yuzasidan taqdim etilgan javob quyidagicha bo‘ldi:
“Jalaquduq tumani, Janubiy Olamushuk ShFY, Navoiy MFY, Gurunchmozor va Shodlik ko‘chasida yashovchi aholi ichimlik suvini kundalik ehtiyojlardan foydalanish uchun tashib, iste'mol qilayotgani aniqlandi.
2010 yilda mazkur hududdagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida O‘zbekiston-Janubiy Koreya hamkorligidagi “Bansuk group” qo‘shma korxonasi tomonidan bir dona ichimlik suv qudug‘i va 1,75 km yangi tarmoq qurib, foydalanishga topshirilgan. 2013-2014 yillarda Qatortol QFY, Dostonobod MFY, Paxtachi hududida joylashgan suv inshooti pudratchi “Ufq-95” XK tomonidan mukammal ta'mirlangan.
Hozirda, Janubiy Olamushuk ShFY, Navoiy MFY Gurunchmozor va Shodlik ko‘chalaridagi ko‘p qavatli uylar kirish qismiga ichimlik suv tarmog‘i tortilib, ko‘cha kalonkalari o‘rnatildi va ichimlik suvi jadval asosida bir me'yorda yetkazib berilmoqda.
Bundan tashqari, aholini muntazam ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida qo‘shimcha 100 m3 suv saqlagich o‘rnatilib, aholi va homiylik mablag‘lari hisobidan 76 metr diametri 159 mm.li hamda 300 metr diametri 76 mm.li polietilen suv quvurlari olib kelindi va suv tarmog‘ini montaj qilish ishlari olib borilmoqda”.
3. Xuddi shunday mazmundagi murojaatda aytilishicha, viloyatda joylashgan Bo‘z tumanining deyarli 75-80 foiz aholisi ichimlik suvini bir km. dan tortib 4,5 kilometrlik masofadan tashib keladi. Hokimiyatning bu borada bergan javobi:
“2017 yilda investitsiya mablag‘lari hisobidan, Bo‘z tumani, Yuksalish QFY, Yangiqishloq MFY hududida 3,0 km. ichimlik suv tarmog‘i va 1 dona suv qudug‘i qurish ishlari olib borilmoqda”.
4. Toza ichimlik suvi haqida yuborilgan maktublardan birida shunday deyiladi: “Izboskan tumani, To‘rtko‘l qishlog‘i, Istiqlol mahallasida 3 yildan beri ishga tushmagan toza ichimlik suvi uchun mo‘ljallangan minora qachon ishga tushiriladi?”. Hokimiyat taqdim etgan javob:
“2017 yil 2-bosqichda investitsiya mablag‘lari hisobidan Izboskan tumani, To‘rtko‘l QFY, Istiqlol MFY, hududida 3,0 km ichimlik suv tarmoqlarini qurish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda”.
5. Murojaatlarning birida Buloqboshi tumanidagi Andijon ShFYda toza ichimlik suvining har bir chelagi 200 so‘mdan sotilayotgani haqida aytilgan. Bunga viloyat hokimiyati o‘z munosabatini bildirdi:
“Buloqboshi tumani, Andijon ShFY hududidagi aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida 2016-2018 yillar mobaynida “Munduz” suv olish inshootidan 14,0 km diametri 600 mm.li ichimlik suv tarmoqlari qurish ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunda 4 km suv tarmog‘ini qurish hamda suv nasoslarini rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. Qolgan qurilish-montaj ishlari belgilangan reja jadvali aosida olib borilmoqda”.
6. Toza ichimlik suvi borasida kelgan murojaatlarning birida shunday deyiladi: “Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani, Sultonobod kishlog‘ida 30 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Qishloqda toza ichimlik suvi qariyb 20 yildan beri yo‘q. Bu muammo qachon hal bo‘ladi?”. Hokimiyat mutasaddilarining javobi:
“Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani, Sultonobod ShFY hududida yashovchi aholini ichimlik suv ta'minotini yaxshilash maqsadida 2015 yil “Texnolog parvozi” XK tomonidan “Kampirovvod” suv omboridan 5.5 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan. Hozirda tarmoqda nosozliklar yuzaga kelgani sababli, ta'minotda uzilish holati vujudga kelgan. Mazkur nosozlikni bartaraf etish ishlari tuman “Suvoqava” filiali tomonidan amalga oshirilmoqda. Aholiga 2017 yil fevral oyi yakuniga qadar toza ichimlik suvi yetkazib berilishi rejalashtirimoqda”.
Tabiiy gaz ta'minoti masalasi bo‘yicha
Andijon viloyatining ayrim hududlarida tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammolar yuzasidan kelgan murojaatlarga ham viloyat hokimiyati mutasaddilari atroflicha javob berishdi.
1. Murojaatlardan birida shunday deyiladi: “Paxtaobod tumanida istiqomat qilamiz. Bizning xonadon tuman markazida joylashgan, ammo tabiiy gaz mavjud emas. Shu sabab suyultirilgan gazdan foydalanamiz. Nega tuman markazida tabiiy gaz mavjud emas? Shikoyat qilinganida: “Biz chegara hududidamiz tabiiy gaz hech qachon bo‘lmaydi”, deyishdi. Bu gap qanchalik rost?
“Paxtaobod tumanida jami iste'molchilar soni 21599 nafar bo‘lib, shundan tabiiy gazdan foydalanuvchilar soni 10332 va suyultirilgan gazdan foydalanuvchi iste'molchilar soni 11267 nafarni tashkil etadi. Tabiiy gazdan foydalanuvchi iste'molchilar Madaniyat-1, Madaniyat-2 avtomatik gaz taqsimlash shoxobchalari (AGTSh) orqali tabiiy gaz bilan ta'minlanadi.
Tuman hududidagi tabiiy gazdan foydalanuvchi 10332 nafar iste'molchiga joriy yil boshidan bugunga qadar belgilangan fond 6342,0 ming m3 ni tashkil qilib, amalda iste'molchilarga 6163,0 ming m3 tabiiy gaz yetkazib berildi. Bu esa iste'molchilar 92,0 foizga tabiiy gaz bilan ta'minlanayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, tuman hududidagi 11267 nafar suyultirilgan gazdan foydalanuvchi iste'molchi o‘tgan 2016 yil mobaynida shartnoma asosida 4800 dona maishiy gaz ballonlari bilan ta'minlandi. Shuningdek, suyultirilgan gazdan foydalanuvchi iste'molchilarga joriy yil boshidan 401,2 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi”.
2. Xuddi shunday ma'nodagi murojaatlar viloyatning Andijon va Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi aholidan ham kelib tushgan. Viloyat hokimligi mutasaddilari mazkur murojaatlarga ham atroflicha javob qaytarishgan. Jumladan, Andijon tumani aholisini tabiiy gaz bilan ta'minlash bo‘yicha quyidagilar ma'lum qilindi:
“Andijon tumanida jami iste'molchilar soni 30060 nafar bo‘lib, shundan tabiiy gazdan foydalanuvchilar soni 14806 va suyultirilgan gazdan foydalanuvchi iste'molchilar soni 15254 nafarni tashkil etadi. Tabiiy gazdan foydalanuvchi iste'molchilar Asaka, Kuygan-yor, Bo‘ston hamda Bog‘ishamol avtomatiik gaz taqsimlash shoxobchalari (AGTSh) orqali tabiiy gaz bilan ta'minlanadi.
Tuman hududidagi tabiiy gazdan foydalanuvchi 14806 nafar iste'molchiga joriy yil boshidan bugunga qadar belgilangan fond 5715,0 ming m3 ni tashkil qilib, amalda iste'molchilarga 4712,0 ming m3 tabiiy gaz yetkazib berildi. Bu esa iste'molchilar 82,4 foizga tabiiy gaz bilan ta'minlanayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, tuman hududidagi 15254 nafar suyultirilgan gazdan foydalanuvchi iste'molchi joriy yilning o‘tgan davri mobaynida shartnoma asosida 645 dona maishiy gaz ballonlari bilan ta'minlandi. Shuningdek, ushbu iste'molchilarga o‘tgan davr mobaynida 468,6 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi”.
Viloyatdagi ta'mirtalab ichki yo‘llar masalasi
Viloyatdagi hududlar infratuzilmasi va ichki yo‘llari masalasi bo‘yicha tahririyatga ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Ularda, jumladan, yo‘llarning ta'mirtalab bo‘lib qolgani, yog‘ingarchilik vaqtida esa yurib bo‘lmasligi, bu yuzasidan tegishli tashkilotlarga bo‘layotgan murojaatlar javobsiz qolayotgani aytilgan. Xususan, “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining Bo‘z tumanidan o‘tuvchi qismi 2013 yildan buyon ta'mirtalab holatda yotgani va bu yo‘l qachon ta'mirlanishi haqida so‘raladi. Hokimiyat mutasaddilari bu savolga quyidagicha javob berishdi:
“Bo‘z tumanidagi A373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 385-405 km qismida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. 2017 yil ajratilgan mablag‘ doirasida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilib, 6 km qismini foydalanishga topshirish rejalashtirildi. Hozirda qo‘shimcha kelishuv tuzish va 1020 tonna bitum mahsuloti olib kelish ishlari amalga oshirilmoqda”.
Andijon viloyat hokimiyati mutasaddilarining bergan ma'lumotiga ko‘ra, joriy yil ichki xo‘jaliklararo yo‘llarni ta'mirlash ishlari 2017 yilga manzilli ro‘yxat shakllantirilgan, ta'mirlash ishlarini 2017 yil ikkinchi yarim yillikda qo‘shimcha ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
Elektr energiyasi
Bugunning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lmish elektr energiyasi masalasida ham Andijon viloyatining turli hududlarida istiqomat qilayotgan fuqarolar murojaat yo‘llashgan. Ushbu murojaatlar ham viloyat hokimligiga taqdim etildi. Mazkur masala yuzasidan, hokimiyatning tegishli mutasaddi tashkilotlari quyidagicha ma'lumot berishdi:
“Andijon viloyati hokimligi bilan kelishilgan cheklov grafigi asosida elektr energiyasi yetkazib berilishi nazoratga olindi”.
Kun.uz: Avvalo, tahririyat bilan hamkorlik qilgani va andijonliklar tomonidan yo‘llangan murojaatlarga javob bergani uchun Andijon viloyati hokimiyati va viloyatdagi boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlariga rahmat. Chunki, tan olib aytish lozimki, boshqa viloyatlarga nisbatan Andijon viloyati hokimiyati va viloyatdagi boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlari tahririyatimizga kelib tushgan murojaatlarga e'tibor qaratishdi va imkon qadar javob yo‘llashdi. Mahalliy hokimiyat vakillari va xalq o‘rtasida muloqotning yanada erkinlashtirish tizimi endi ishga tushgan bo‘lib, bu odamlarda ko‘tarinki kayfiyat va o‘z huquqlarini to‘la bilishga intilishni keltirib chiqarmoqda.
Ammo shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimizki, Andijon viloyati hokimiyati tomonidan berilgan mazkur javoblar hisobot ko‘rinishida bo‘lib qolgan. Ya'ni jonli, manzilli berilmagan. Chunki qog‘ozlarga yozilib, yuqoriga uzatiladigan hisobotlar bilan, o‘sha muammoning ichida yurgan odamlarni qanoatlantirib bo‘lmaydi.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” mohiyatini chuqur anglash bilan kelajakda mo‘ljallangan rejalarga, maqsadlarga erishish mumkin. Bugun har bir rahbar, har bir fuqaro oldida turgan muhim vazifadir.
Mavzuga oid
09:15 / 13.06.2026
Davlat organi va bank tizimidagi korrupsiya holatlari aniqlandi
14:04 / 11.06.2026
Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovi reja qilinmoqda
13:28 / 11.06.2026
Andijondagi poliklinikada fojia: 4 kishi vafot etdi
15:32 / 09.06.2026