10:44 / 16.03.2017
12873

Xitoy va Saudiya Arabistoni qiymati 65 milliard dollarlik kelishuvlarni imzoladi

Xitoy va Saudiya Arabistoni payshanba kuni qiymati 65 milliard dollar bo‘lgan 14ta kelishuvni imzoladi, deb ma'lum qildi Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Chjan Min jurnalistlarga.

Pekindagi xalq majlislari Uyida payshanba kuni XXR raisi Si Tszinpinning Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul Aziz Al Saud bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Juma kuni qirol Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan hamda Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjan Detszyan bilan ham uchrashadi.

"XXR raisi Si Tszinpin bugun Saudiya Arabiston qiroli bilan uchrashdi. Har ikki yetakchi uchrashuvdan ko‘ngillari to‘lganini bildirishdi. Tomonlar umumiy hisobda 14ta kelishuvni imzolashdi. Ular qiymati taxminan 65 milliard AQSh dollari bo‘lgan 35ta yirik loyihaga tegishli", - dedi Chjan Min. Uning ta'kidlashicha, kelishuvlar sarmoyalar, ilmiy-texnikaviy soha, infratuzilma, energetika, fazo va boshqa sohalarga oid.

Xitoy TIV rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar muhim xalqaro va global masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashganlar. Chjan Minning bildirishicha, shuningdek terrorizm bilan kurash bo‘yicha masalalarda aniq pozitsiyani qayd etishgan.

"Saudiya Arabiston qiroli XXR raisiga “Yagona kamar-yagona yo‘l” stretegiyasi bo‘yicha yuqori baho berdi va hurmatini izhor etdi hamda Saudiya Arabistoni unda faol ishtirok etishini aytdi", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Chjan Min.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining aytishicha, ikki yetakchi uchrashuv davomida Falastin-Isroil mojarosi, Yaman va Suriyadagi vaziyatni muhokama qilishgan.

Top