21:46 / 16.03.2017
9041

Toshkentdagi 110-maktabda "Mahalla-Oila-Maktab" profilaktika kuni o‘tkazildi

Joriy yilning 16 mart kuni Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 110-maktabda tuman prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi, sud ijrochilarning tuman bo‘limi va mahalla faollari ishtirokida "Mahalla-Oila-Maktab" tamoyilidan kelib chiqib, profilaktika kuni o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Mirobod tumani prokurori o‘rinbosari A.Po‘latov, Sud ijrochilarning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sadriddin Xidirov, Sud ijrochilarning tuman bo‘lim boshlig‘i-katta sud ijrochisi Sh.Maqsudov, Mirobod tumani IIB rahbariyati va profilaktika inspektorlari va mahalla faollari ishtirok etdi. 

Tadbirda voyaga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni, uning kelib chiqish sabablari hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha tegishli choralar haqida, shuningdek, keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlardagi “Ko‘k kit” o‘yini va uning xavfli oqibatlaridan yoshlar ogohlantirildi. 

Bugungi kunda inson ongiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan axborot-psixologik tahdidlar ortib borayotgani, internetdan foydalanish madaniyatiga rioya etmaydigan ayrim yoshlar ularning tuzog‘iga ilinib qolayotgani ta'kidlandi.

Keyingi vaqtlarda ota-onalarning bolalariga yetarlicha e'tibor bermasligi, o‘quvchilar ta'lim muassasasiga bormasdan Internet klublarida vaqtini o‘tkazishi muhokama qilindi. 

Ma'lum bo‘lishicha, tumandagi ayrim o‘quv muassasalarining davomati o‘rganilganda 20 foiz o‘quvchilar dars mashg‘ulotlariga qatnashmagani aniqlangan.

Shuningdek, yig‘ilishda voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanligi, keyingi vaqtlarda voyaga yetgan farzandlar o‘z ota onasiga g‘amxo‘rlik qilmasdan tashlab qo‘yilgani va ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 123-moddasiga binoan jinoiy javobgarlik joriy etilgani ta'kidlab o‘tildi.

Top