Ta’lim | 13:43
1103
3 daqiqa o‘qiladi

“Davlat maktablarining asosiy vazifasi bolalarni ma’lum vaqt ushlab turish bo‘lib qoldi” – Hamid Sodiq

Pedagog va huquqshunos Hamid Sodiq davlat maktablari bugun ta’lim berishdan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy vazifani bajarayotganini aytdi. Uning fikricha, ta’lim tizimidagi qator o‘zgarishlar davlat maktablarini qiyin ahvolga solib qo‘ygan.

Foto: Kun.uz

Pedagog va huquqshunos Hamid Sodiqning aytishicha, internetga chiqib qolayotgan maktab mojarolari ta’lim muassasalaridagi voqealarning kichik bir qismi xolos.

“Internetga chiqayotgani – maktabdagi holatlarning aslida bir foizi ham emas. Maktablarda bolalar bilan bog‘liq shunday dahshatli jinoyatlar, axloqiy masalalar bor. Ko‘pincha bu masalalar aytilmaydi, hech kim buni eshitgisi kelmaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va direktor, sinf rahbari biladi xolos”, deydi u.

Uning fikricha, davlat maktablari bir vaqtning o‘zida yaxshi o‘quvchilar va kuchli o‘qituvchilarning bir qismini yo‘qotgan.

“Prezident maktablariga axloqi, dunyoqarashi bo‘yicha eng elitar o‘quvchilar ketishdi. Ular sinflardagi mo‘’tadillikni ta’minlab berardi. Ularga qarab intilinardi, ular misol sifatida ko‘rsatilardi.

Ikkinchi darajada xususiy maktablarga yaxshi bolalar ketdi, yaxshi o‘qituvchilar ham ketib qoldi. Davlat maktablarida bir vaqtning o‘zida kambag‘allashish vujudga keldi. Bu jinoyatchilikning oshishi, o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabat bilan bog‘liq masalalarni vujudga keltirdi.

Hozir davlat maktablarining asosiy funksiyasi – million-milliion bolalarni ertalab soat 8 dan tushdan keyingi 13gacha ma’lum bir hududda ushlab turish vazifasini ko‘proq bajaryapti. Chunki hozir maktab bilan bog‘lanmasdan turib ham sertifikatlar olib o‘qishga kirish mumkin, yoki maktabga bog‘lanmagan holda kasb egallash mumkin. Mana shu kompleks muammolar davlat maktablarini judayam qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Huquqni muhofaza qiluvchi insonlar, ya’ni “pogonlilar” maktabga qancha aralashadigan bo‘lsa maktab shuncha qamoqxonaga o‘xshab boradi. Oldin Milliy gvardiya xodimlari maktabga qo‘yilganda mana shu studiyada turib aytganman bu noto‘g‘ri ish ekanligini, bu jarayon ishlamasligini. Hali bu narsalar ochiqlanmagan, Milliy gvardiya xodimlari bilan qancha janjallar bo‘ldi 11-sinflar o‘rtasida. Xususiy maktablar bilan prezident maktablariga huquqni muhofaza qiluvchi organlar qancha marta borishgani haqida statistika bormi? U yoqqa borish shart emas, u yerda bunaqa muammo yo‘q”, deydi u.

To‘liq ko‘rsatuvni havola orqali tomosha qilish mumkin.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid