Jamiyat | 21:45 / 18.03.2017
56084
3 daqiqa o‘qiladi

Lola Karimova Munavvar qori Abdurashidxonovni yodga oldi

Lola Karimova-Tillayeva 17 mart kuni feysbukdagi rasmiy sahifasida jadidchilik va uning yorqin vakillaridan biri bo‘lgan Munavvar qori Abdurashidxonovga bag‘ishlangan post qoldirdi. 

Jadidchilik – XIX asr oxiri – XX asr boshlarida faoliyat yuritgan va ma'rifatchilikka asoslangan islohotlar g‘oyalarini ilgari surgan ijtimoiy-siyosiy harakat. Yosh ma'rifatparvarlardan iborat bo‘lgan ushbu harakat O‘rta Osiyoda an'anaviy ta'lim tizimini tubdan isloh etish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniy o‘zgarishlarni amalga oshirish, milliy mustaqillik g‘oyalarini hayotga tatbiq etish masalalarini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi. 

"Mazkur postimni ushbu harakatning yirik namoyondalaridan biri bo‘lmish Munavvar qori Abdurashidxonovning (1878–1931) xotirasiga bag‘ishlamoqchiman.

Munavvar qori 1878 yili Toshkentning Darxon mahallasida mudarris oilasida tavallud topgan. Avval Toshkentdagi madrasada, keyin esa Buxorodagi mashhur Mir Arab madrasasida tahsil olgan. Jamiyat ravnaqida ilm-fan va maorif muhim o‘rin tutadi deb hisoblagan va yevropacha ta'lim usullaridan ilhomlangan Munavvar qori 1902 yili o‘z uyida yangi usul maktabini ochishga muyassar bo‘ladi. Diniy bilimlar bilan cheklanmay, fanning turli yo‘nalishlarida saboqlar tashkil etadi.

Keyinchalik u bunday maktablarni Toshkentning yana bir necha dahasida tashkil etdi. Shuningdek, bir qator maktab darsliklariga mualliflik qiladi, kitob savdosi bilan shug‘ullandi va xususiy nashriyot uyiga rahbarlik qiladi. 

Matbuotchilik faoliyati mobaynida “Xurshid” gazetasiga asos soldi, “Najot” va “Kengash” gazetalari bosh muharriri hamda o‘sha davrning ilg‘or mahalliy nashrlaridan bo‘lmish “Sadoi Turkiston” gazetasi muharriri lavozimlarida faoliyat yuritdi.

Munavvar qori jamiyat ravnaqi mezonlaridan biri sifatida teatrga ham alohida ahamiyat qaratgan. Sahna san'atini dolzarb ijtimoiy masalalarga jamoatchilik e'tiborini qaratuvchi va xalq dunyoqarashini o‘zgartiruvchi vosita deb bildi. Konservativ kuchlarning qarshiliklariga qaramay, Munavvar qori O‘rta Osiyoda zamonaviy teatrni tashkil etish va rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi.

O‘tgan asrning 20-yillarida Munavvar qori milliy istiqlol g‘oyalarini targ‘ib etgan “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” nomli tashkilotlarga boshchilik qildi. Erksevar zot 1931 yilda hibsga olinib, qatl etilgan.

O‘zbek ma'rifatchiligining buyuk namoyandalaridan biri sanalgan Munavvar qori hayoti va ijodini o‘rganish Sovet Ittifoqi davrida – 60 yil mobaynida taqiqlangan edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘nggina keng jamoatchilik ulug‘ ma'rifatparvar shaxsini yaqindan tanish imkoniga ega bo‘ldi", - deb yozadi Lola Karimova-Tillayeva.

Mavzuga oid