Jamiyat | 17:26 / 22.03.2017
7368
2 daqiqa o‘qiladi

Amerika kompaniyalaridan 100 mln dollar o‘margan xaker qo‘lga olindi

Litva fuqarosi Evaldas Rimasauskas soxta kompaniya nomidan yuborilgan elektron maktublar vositasida 100 million dollardan ortiq pulni o‘marganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda AQSh adliya vazirligining Nyu York shtati Janubiy okrugi bo‘yicha bo‘limi saytida ma'lum qilingan. 

Xabarlarga ko‘ra, xaker Litvada soxta firmani ro‘yxatdan o‘tkazgan. U firmasini Osiyoning kompyuter uskunalari ishlab chiqaruvchisi bilan bir xil nomlangan. Evaldas Amerika kompaniyalari bilan bog‘lanib, ulardan ikkitasini aldov yo‘li bilan soxta firma hisobiga 100 mln dollardan ortiq mablag‘ni o‘tkazishiga ko‘ndirgan. 

Aldangan kompaniyalar osiyolik yetkazib beruvchi bilan hamkorlik qilgani bois, chalg‘ib qolgani aytilmoqda. Pullar Rimasauskasning Latviya va Kiprdagi bank hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, g‘arazgo‘y pullarni butun dunyo bo‘ylab boshqa hisob raqamlariga o‘tkazgan. 

Ta'kidlanishicha, Rimasauskas mazkur uslubidan 2013-2015 yillarda foydalangan. Xaker Amerika hukumati talabi bilan Litvada qo‘lga olingan. Unga 20 yillik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. 

Mavzuga oid