01:08 / 24.03.2017
13735

Andijon viloyati hokimi Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori bilan muzokaralar o‘tkazdi

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasiga tashrif buyurdi. Ta'kidlash joizki, mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga aprel oyiga mo‘ljallangan tashrifi arafasida bo‘lib o‘tmoqda. 

2017 yil 23 mart kuni O‘zbekiston vakillari Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Viktor Tolokonskiy bilan muzokaralar o‘tkazishdi. 

O‘zbekiston rahbariyati RF bilan mintaqaviy hamkorlik rivojiga katta e'tibor qaratmoqda. Shu munosabat bilan aytish mumkinki, mazkur tashrif mintaqalararo uzoq muddatli, hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi yo‘lida qo‘yilgan birinchi qadamdir. Unda ikki mamlakat hamkorligining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi:

1. Savdo-iqtisodiy hamda investitsion sohalar;

2. Madaniy-gumanitar, shuningdek turizm, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalari;

3. Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik.

Shuhratbek Abdurahmonov uchrashuv davomida to‘qimachilik, meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish, migratsiya yo‘nalishlarida o‘z takliflarini bildirdi. Jumladan, Krasnoyarsk o‘lkasining yirik savdo tizimlarini Andijon korxonalari bilan uzoq yillarga mo‘ljallangan aloqalar o‘rnatib, har  ikki hududda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida xizmat qiladigan vakolatxonalarni ishga tushirishga kelishib olindi. 

Uchrashuv davomida tomonlar Krasnoyarsk o‘lkasi va O‘zbekiston o‘rtasida savdo, turizm, madaniyat va sport sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.   

Kunning ikkinchi yarmida esa O‘zbekiston va Krasnoyarsk o‘lkasi tadbirkorlari o‘rtasida Biznes forum o‘tkazildi. Tadbir davomida mezbon o‘lka ishbilarmonlari va yurtimizning tadbirkorlar palatasi vakillari hamkorlikka doir memorandumni imzolashdi.

Top