O‘zbekiston | 20:39 / 24.03.2017
9013
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratadi

Foto: Madina Nurman

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 24 mart kuni O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, savdo, sarmoya, neft-gaz, eksport, mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq va suv xo‘jaligi, yuqori texnologiyalar, sayyohlik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, kichik qo‘mita hamraisi Elyor G‘aniyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘layotganini alohida ta'kidladi.

Foto: Madina Nurman

Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekistonning yirik savdo va sarmoyaviy sheriklaridan biri hisoblanadi. 2016 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. O‘zbekistondagi loyihalarga jalb qilingan Xitoy investitsiyalari va kreditlari hajmi 6,5 milliard dollardan oshadi.

Xitoy kompaniyalari va banklari ishtirokida O‘zbekistonda Qamchiq dovonida 19,2 kilometrlik temir yo‘l tunnelini ishga tushirish, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi va Qo‘ng‘irot soda zavodini qurish, Xorazm viloyatida zamonaviy ekskavator va buldozerlar ishlab chiqarish, telekommunikatsiyalar va axborot texnologiyalarini rivojlantirish singari sanoat va infratuzilma rivoji uchun muhim loyihalar, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilgan.

Bugungi kunda “Angren” erkin iqtisodiy zonasida avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi shinalari va konveyer lentasi ishlab chiqarish zavodini hamda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini qurish kabi muhim investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Energetika, neft-gaz, irrigatsiya va melioratsiya sohalarida, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish borasida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

– Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratadi, – dedi Xitoy Xalq Respublikasi tijorat vaziri o‘rinbosari, kichik qo‘mita hamraisi Fan Aytsin. – Xitoy ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi sheriklari bilan hamkorlik o‘rnatishga, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlashga qiziqishi yil sayin ortib bormoqda. O‘zbekiston ko‘plab sohalarda, jumladan, ilm-fan, madaniyat va sayyohlik kabi jabhalarda ulkan salohiyatga ega. Savdo, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, texnika va texnologiyalar yo‘nalishlarida uzoq muddatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishdan manfaatdormiz.

Foto: Madina Nurman

Yig‘ilishda O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari qayd etildi.

Xitoy delegatsiyasi O‘zbekistonning sanoat salohiyati, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning puxta ishlab chiqilgan mexanizmi, iqtisodiy zonalardagi keng imkoniyatlar va imtiyozlar bilan tanishtirildi.

Anjumanda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, qo‘shma korxonalar sonini va o‘zaro savdodagi mahsulotlar turini ko‘paytirish masalalariga e'tibor qaratildi. 

Xitoy delegatsiyasi a'zolari O‘zbekistonning turli vazirlik va idoralarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga oid masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid