Joriy yilning 22 iyul kuni videokonferensaloqa shaklida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Eron vakillari ishtirokida transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, uchala tomon uchun birdek manfaatli bo‘lgan istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston tomoniga transport vaziri Elyor G‘aniyev, Afg‘oniston tomoniga mamlakat transport vaziri Yamo Shams, Eron tomoniga esa mamlakatning yo‘l va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomi rahbarlik qildi.

Onlayn muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston transport vaziri Elyor G‘aniyev bugun dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sabab davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar jiddiy ravishda murakkablashib borayotganini, mazkur vaziyatda mamlakatlar o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qo‘shma qarorlar qabul qilish zarurligini davrning o‘zi taqozo etayotganini alohida qayd etib o‘tdi.

Ta'kidlanishicha, boshqa davlatlar o‘rtasidagi yuk tashish hajmi pasayishi kuzatilayotgan bir davrda Afg‘oniston yo‘nalishida yuk tashuvlar hajmi umumiy dinamikasi barqaror o‘sish sur'atlarini namoyon etmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida temir yo‘l transporti orqali Afg‘onistondan va Afg‘onistonga yuk tashuvlari hajmi 2,5 mln. tonnani tashkil etdi. Bu 2019 yilning mos davriga nisbatan 50,6 foiz o‘sishga erishilganini anglatadi. 

Aynan shuning uchun ham xalqaro hamjamiyat Afg‘oniston hududida amalga oshirilayotgan transport koridorlarini rivojlantirish bilan bog‘liq infratuzilma loyihalariga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni shu jihatlardan kelib chiqqan holda uchrashuvda transafg‘on temir yo‘lining qurilish masalasi hamda “Shimol-Janub” transport koridori doirasida Eronning “Choxboxor” porti imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Shuningdek, uchrashuvda tomonlarning tranzit potensialini yanada rivojlantirishda mavjud qator muammolar xususan, tarif masalalari, yuk tashuvlar xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan TIR tizimidan to‘liq foydalanish, istiqbolda elektron TIR tizimini joriy etish va davlatlar chegaralaridagi bojxona infratuzilmalarini yaxshilash kabi masalalarni hamkorlikda hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha fikr almashildi.