Jamiyat | 19:20 / 24.03.2017
13260
5 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda behayo mazmundagi videolavhalarni olib kirmoqchi bo‘lganlar fosh etildi

Kitob tumani Sanam ko‘chasida istiqomat qiluvchi Sodiqjon Ramazonov (barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida borib, joriy yilning fevral oyida yurtimizga qaytdi. Qarshi xalqaro aeroportida uning o‘zi va yuklari belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unga tegishli planshet xotirasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan 20 dona pornografik mazmundagi videolavhalar hamda 144 dona fotosuratlar borligi aniqlandi, deb xabar bermoqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Eng qizig‘i, Sodiqjon ushbu planshetni o‘g‘li uchun sovg‘a sifatida olganini aytdi. Hayron qolasan kishi: sovg‘a olib kelingani yaxshi, biroq uning ichidagi nopok tasvirlar-chi?! Sodiqjon Ramazonov ularni kimga "tuhfa" etmoqchi edi?!

Yana bir holatda ushbu xalqaro aeroportda parvozini yakunlagan Qarshi shahar Paxtazor mahallasida istiqomat qiluvchi Azamat Qurbonovning qo‘l yuklari uning o‘zi tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unga tegishli uyali telefon xotirasida ham O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan 255 dona pornografik mazmundagi videolavhalar hamda               135 dona fotosuratlar borligi ma'lum bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha Azamatdan telefon xotirasida aniqlangan nopok lavhalar qayerdan paydo bo‘lganligi so‘ralganda, uning yaqin do‘sti tomonidan telefon xotirasiga joylashtirilganligini va bu holatda guyoki o‘zining aybi yo‘q ekanligini ma'lum qildi. 

Yakunda fuqarolar Sodiqjon Ramazonov hamda Azamat Qurbonovlarga nisbatan Qarshi shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining qarorlari bilan mos ravishda 1 048 425 so‘m hamda 449 325 so‘mdan jarima jazolari tayinlandi. Daliliy ashyo sifatida olingan planshet va qo‘l telefonlari, nopok lavha va fotosuratlardan tozalanib, davlat egaligiga o‘tkazildi.

Fuqarolar shuni bilib olishlari kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 10 oktabrdagi "Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, pornografik mazmundagi mahsulotlarni mamlakatimiz hududiga olib kirish taqiqlangan.

Shuningdek, 2012 yil 12 apreldagi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, unga muvofiq pornografik hamda zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish kabi harakatlar uchun jazo choralari keskin oshirilgan.

Ya'ni, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasiga ko‘ra, pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish - bunday mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish vositalarini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor  shaxslarga esa yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar shunday harakatlar ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 130-moddasiga binoan eng kam oylik ish haqining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq, o‘sha harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb qilish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid