Jahon | 23:35 / 25.03.2017
7905
2 daqiqa o‘qiladi

Kongoda 40 politsiyachi jangarilar tomonidan o‘ldirildi

Kongo Demokratik Respublikasida jangarilar huquq-tartibot idoralarining 40 ga yaqin xodimini asirga olib, ularning boshini tanasidan judo qildilar. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Kongoning Kasai viloyati assambleyasi spikeri Fransua Kalambaning aytishicha, jangarilar politsiyachilarning qurollari va transport vositalarini o‘g‘irlab ketishgan. Jangarilar politsiyachilardan 6 nafarini ular mahalliy shevada gaplashganlari uchun qo‘yib yuborganlar. 

Hujum 24 mart kuni politsiyachilar Kasai viloyatidagi Chikapa shahridan Kananga shahriga ketayotganlarida sodir etilgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu hujum qurbonlar miqdori bo‘yicha 2016 yil avgustida viloyatda qo‘zg‘olon boshlangandan keyin sodir etilgan eng yirik hujum bo‘ldi. 

Ta'kidlanishicha, hujumni "Kamuina Nsapu" guruhi jangarilari sodir etishgan.

13 mart kuni Kongoda AQSh va Shvetsiyaning BMTdagi ikki xodimi o‘g‘irlab ketilgani ma'lum qilingandi.

Kamuina Nsapu Sharqiy Kasai va Markaziy Kasai viloyatlarining ba'zi joylarida hokimiyatni boshqarishga da'vogarlik qilgan kongolik qabila sardori bo‘lgan. Nsapu uning vakolatlari Kongo hukumati tomondan tan olinishini talab qilgan. U 2016 yil avgustda o‘ldirilgach, uning nomiga atalgan harakat jangarilari Kongoda hokimiyat uchun kurash olib borishni boshlashgan. Ushbu harakat jangarilari orasida balog‘atga yetmaganlar payqalgan.

Mavzuga oid