Jamiyat | 18:52 / 31.03.2017
16517
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda “tarix”ni o‘zgartirgan kadrlar ishi bo‘yicha inspektor va arxivshunos jazoga tortildi

Qashqadaryo viloyatining Koson tumani xalq ta'limi muassasalari faoliyati metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi kadrlar ishi bo‘yicha inspektori A.Bekjonova va tuman davlat arxivi arxivshunosi D.Rasulov o‘zaro til biriktirib, naqd o‘ttiz yillik “tarix”ga o‘zgartirish kiritishdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Gap shundaki, Oqtepa qishlog‘ida yashovchi F.Jo‘rayeva va Sh.Omonova tumandagi xalq ta'limi muassasalarida ishlamagan bo‘lishsa-da, rasmiy hujjat hisoblangan “Ishchi xodimlarni ishga qabul qilish haqidagi buyruqlar”, “Ishchi xodimlarning ish haqi”, “Mehnat daftarchasi” va arxiv ma'lumotnomalariga kiritilgan soxta yozuvlar tufayli bir zumda 1977 yildan 2007 yilga qadar tizimda faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib chiqishdi. Albatta, bu ish shaxsiy manfaatlarini ko‘zlagan A.Bekjonova va D.Rasulovning ko‘magi bilan amalga oshdi.

Mazkur hujjatlar qalbakilashtirilib, byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limiga taqdim etilishi oqibatida 2014 yil 7 apreldan 2016 yil 1 fevralga qadar F.Jo‘rayeva va Sh.Omonovaga jami 7 mln. 481 ming so‘mdan oshiqroq miqdordagi byudjyet mablag‘i noto‘g‘ri to‘lab berilgan.

Kadrlar ishi inspektori va arxivshunosga sud hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid