19:17 / 01.04.2017
20105

Buxorodagi qishloqlardan birida QVP yopilmoqda, rasmiy tashkilotlar bunga izoh berdi

Tahririyatga Buxoro viloyati Jondor tumani Tobagar qishlog‘ida yashovchi fuqarodan maktub kelib tushdi. 

Unda qayd etilishicha, qishloq tuman markazidan 8 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, aholisi 3 mingdan ziyodni tashkil qiladi. Qishloqda 1 ta QVP mavjud bo‘lib, 5 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 

Yozilishicha, yaqinda aholi o‘rtasida QVP yopilishi va qishloq aholisi tibbiy xizmat uchun tuman markaziga yoki qo‘shni qishloqqa borishi to‘g‘risida mish-mishlar paydo bo‘lgan. Maktubda QVP yopiladigan bo‘lsa qishloq aholisiga birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirilishi haqida aytilgan. Ushbu holat yuzasidan fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga qilingan murojaatga tuman hokimligi tomonidan yo‘llangan javobda "Joriy yilning 5 yanvar hamda 7 fevral kunlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi" vaj qilib ko‘rsatilgan. 

“Savolga aniq javob qilinmagan, holbuki muhtaram Prezidentimiz har bir so‘zlarida "Odamlarga sharoit yaratish, odamlarni rozi qilish, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini orttirish" eng asosiy vazifa ekanligi to‘g‘risida jo‘shib gapirmoqdalar”, - deyiladi maktubda.

Tahririyatga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha yuborilgan ma'lumotda aytilishicha, murojaat tuman tibbiyot birlashmasi tegishli soxa mutaxassislari ishtirokida joyida atroflicha o‘rganib chiqilgan.

Aytilishicha “Jondor tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Tobagar” qishloq vrachlik punkti 1953 yilda qurilgan eski sport majmuasida joylashgan bo‘lib, bino sanitariya talablariga javob bermasligi, sifatli tibbiy xizmat uchun xonalar yetishmasligini inobatga olib mazkur QVPni shifokorga uy-joy sifatida qoldirib, tunu-kun axoliga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi vrachning xizmat uyiga aylantirish ko‘zda tutilgan”.

Yangidan tashkil qilinadigan “Zarafshon” poliklinikasi bilan mazkur QVP orasidagi masofa 5 km. tashkil qilishini inobatga olib mazkur QVP aholisini poliklinikaga biriktirish rejalashtirilgani bildirildi.

Top