Jamiyat | 19:06 / 03.04.2017
20502
5 daqiqa o‘qiladi

Parker Shnabel: 19 yoshli yigit yiliga millionlab dollarlik oltin qazib oladi

Parker Shnabel – dunyodagi eng yosh oltin qazib oluvchilardan biri. U shuningdek Discovery kanalidagi “Oltin vasvasi” ko‘rsatuvi tufayli ham jahonga mashhur bo‘lib ketdi. Shnabel bir qator OAVga intervyu berib, qator qiziqarli fikrlarni bildirdi.

19 yoshli Parkerning aytishicha, uning buvasi ham oltin qazib olish bilan shug‘ullangan. “Ko‘pchilik buni aqlsizlik deb o‘ylaydi, ular ba'zi jihatlarda balki haqdilar, ammo men uchun bu hayot tarzi. Bu shunchaki oilaviy biznes hamda men bu an'anani davom ettirish niyatidaman”, - deydi Parker.

Zamonaviy sharoitlarda oltin qazish orqali boyib ketish mumkinmi degan savolga javob qaytarar ekan, u shunday dedi: “Ha. Aniqrog‘i, buni amalga oshirish qiyinlashib bormoqda, sababi xarajatlar ko‘paymoqda, oltin narxlari esa oshayotgani yo‘q. Aslida, so‘nggi 16-18 oy u arzonlashmoqda. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham, siz qayerda oltin topilishi mumkinligini hech qachon aniq bilmaysiz, ko‘plab kishilar shu ish orqali millionlab dollar ishlab olishdi. Men hozircha ulardan biriga aylanmadim”.

Shnabelning so‘zlariga ko‘ra oltin topish bir qadar murakkab jarayon. To‘g‘ri joyni tanlash ancha qiyin ekan. “Siz ma'lum bir yerda uzoq vaqt bo‘lsangiz, bu safar aniq oltin topishingizga ishona boshlaysiz. Siz sinovli burg‘ulash ishlarini amalga oshirishingiz mumkin, biroq barcha pullarni sarflab tugatmagunga qadar buni aniq bila olmaysiz, ammo o‘shanda juda kech bo‘ladi”.

Parkerning aytishicha, oltin qazib olish – bu mavsumiy faoliyat turi bo‘lib, u mart o‘rtalaridan oktabrga qadar davom etadi. Ba'zida dam olish kunlari bo‘lishi mumkin, biroq yozda ish to‘la kuch bilan olib boriladi. Qishda esa u asosiy matbuot bilan uchrashish, turli reklama tadbirlarida qatnashish va sayohat qilish bilan shug‘ullanadi. “Bilasizmi, men aslida Alyaskadanman, biroq hozirda Londonda yashayman. Uyga Rojdestvo bayrami paytida kelganimda, qor o‘ynaymiz, qoryurarlarda sayr qilamiz, ovchilik, baliqchilik bilan shug‘ullanamiz. Shuning uchun ba'zida men o‘zimni xuddi boladek tuta olaman”.

“Oltin vasvasasi” s'yomkalari paytidagi eng katta xavfli vaziyat haqida to‘xtalar ekan, u shunday dedi: “Ehtimol biz yuvish qurilmasini surayotgan paytimizdir. Bu paytda atrofimizda suratga olish guruhining ko‘plab a'zolari bo‘ladi. Shuni aytmoqchimanki, bizda haqiqiy xavf bilan bog‘liq vaziyat hech qachon yuz bermagan. Biroq 50 tonnalik temirni surayotganingizda, yon atrofingizda esa bir guruh kishilar chopib yursa – bu kulfatga bo‘lgan eng to‘g‘ri yo‘ldir. Bu asablar uchun haqiqiy sinov.”

Shuningdek uning so‘zlariga ko‘ra, bu juda tavakkal qilinadigan biznes bo‘lib, ammo u haqiqiy daromadlarni ham olib kelishi mumkin. 

“Hozirda bu ko‘rsatuv dunyodagi eng ommabop dasturlardan biri. Agarda yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, biz shug‘ullanayotgan narsa – bu qora ish, u makkajo‘xori yetishtirishdan katta farq qilmaydi. Menimcha, aynan shunda uning o‘ziga xos jihati – hammasi juda oddiy, biroq yakunda sen nima olishingni aniq bilmaysan”, - deydi Shnabel.

Bundan tashqari, yigitning so‘zlariga ko‘ra, bu sohadagi eng katta muammo – bu katta sarmoyalardir. Million dollarlik oltin qazib olish uchun ikki million dollarlik uskuna va texnikalar kerak bo‘lar ekan. 

Alyaskada qancha oltin qolgani haqidagi savolga ega shunday javob qaytarildi: “Bilmayman. Rostini aytsam, biz kichik oltin zarralarini qidiramiz, yer osti konlari yoki ochiq usulda qazib olinadigan oltin ko‘lami esa juda kattadir. Aftidan, bu borada qidiruv ishlari o‘tkazilmagan yer qolmadi hisob”.

Shuningdek Parker “Oltin vasvasasi”ning yangi mavsumi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan: “Bilasizmi, bu mavsum men uchun juda qiziq bo‘ldi. Mening ijarachim Toni Bits bu dasturda katta o‘rin tutdi. U va uning oilasi – Yukondan bo‘lib, ular juda ajoyib insonlar. Mening o‘zim ham bu mavsumni katta hayajon bilan kutmoqdaman”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid