21:12 / 04.04.2017
6400

Kataloniyaning mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi to‘xtatildi

Ispaniya konstitutsiyaviy sudi Kataloniya parlamentining keyingi yilgi o‘z byudjyetiga viloyatning mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi moddasini kiritishi yuzasidan Ispaniya hukumatining da'vosini ko‘rib chiqishga qabul qildi. Bu haqda El Pais nashri xabar bermoqda.   

Shu tariqa Kataloniya muxtoriyatining referendum o‘tkazish tashabbusi amal qilishi avtomatik tarzda to‘xtatiladi.

Ispaniya konstitutsiyasining 161.2-moddasi hukumatga muxtor viloyatlar organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha sudga shikoyat qilishga imkon beradi. Qonunchilikka ko‘ra, modda qo‘llanganda "shikoyatga uchragan qaror va farmonlar amal qilishi to‘xtatiladi, biroq konstitutsiyaviy sud bunday to‘xtatishni yoki tasdiqlashi, yoki shikoyatni 5 oydan oshmaydigan muddat ichida rad etishi kerak".

Kataloniya parlamenti 22 martda referendumni tashkillashtirishga mablag‘lar ajratilishi imkoniyatini ma'qullagandi. 

Kataloniya Ispaniya shimolidagi muxtor hamjamiyat bo‘lib, oxirgi yillar hududda ayirmachilik kayfiyatlari sezilarli kuchaygan. 2016 yil 6 oktabrda viloyat parlamenti viloyatning Ispaniya tarkibidan 2017 yil sentabrigacha chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlagandi. Buning ortidan Ispaniya konstitutsiyaviy sudi ushbu hujjat amal qilishini bekor qilgandi.

Ispaniya konstitutsiyasida muxtor viloyatga markaziy hukumat bilan kelishilmagan holda referendum o‘tkazishga va bir tomonlama tartibda mustaqillikni e'lon qilishga imkon beruvchi moddalar mavjud emas.

Mavzuga oid
Top