Iqtisodiyot | 23:23 / 04.04.2017
11209
2 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rtan gazkimyo majmuasi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 4 marotabaga oshiradi

"O‘zbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasi Toshkentda Sho‘rtan  gazkimyo majmuasi ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish investitsion loyihasini amalga oshirishning yangi konsepsiyasini taqdim qildi.

Agar avval kompaniya korxonaning polietilen ishlab chiqarish bo‘yicha yillik quvvatini joriy 125 ming tonnadan 200 ming tonnadan ko‘proqqacha oshirishni rejalashtirgan bo‘lsa, hozirda bu mahsulotni ishlab chiqarishni yiliga 500 tonnagacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Bunda loyiha sintetik naftani qayta ishlashni va polietilen hamda polipropilenning yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni ko‘zda tutadi.  

"Yangi konsepsiya sintetik nafta GTL’ni olefinlar ishlab chiqarishda qo‘llash qarorini tatbiq qilishga imkon beradi. Bundan tashqari, loyihaning amalga oshirilishi Qashqadaryo viloyatida yangi texnologik klaster yaratish imkoniyatini beradi", deb aytildi kompaniya matbuot xizmatida.   

2017 yil uchun investitsiya dasturida loyiha 400 mln dollardan ko‘proqqa baholangan. Kompaniya barcha ishlarni 2019 yil oxirigacha yakunlashni rejalashtirmoqda.   

Sho‘rtan gazkimyo majmuasi 2001 yilda ishga tushirilgan. Uning mahsulotlari O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Turkiya, Xitoy, Polsha, Italiya va boshqa bir qator davlatlarga sotiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid