20:25 / 04.04.2017
38782

Jalilovning oilasi 6 yil oldin O‘sh voqealari tufayli Rossiyaga ketgan bo‘lishi mumkin

Sankt-Peterburg metrosida 3 aprel kuni amalga oshirilgan terakt ijrochisi Akbarjon Jalilovning qarindoshlari respublikaning Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan tergov qilingan.

«Qidiruv-tergov ishlari doirasida Jalilovning ota-onasi so‘roq qilindi. Boshqa hech narsa ayta olmaymiz. Qirg‘iziston maxsus xizmatlari biz bilan aloqada», — deyilgan huquqni saqlash organlari xabarida.

Akbarjon Jalilovning oilasi so‘roq qilindi. U haqida yangi ma'lumotlar

Akbarjon Jalilovning Qirg‘izistondagi hayoti haqida ma'lumot juda kam. U 2011 yilga qadar O‘sh viloyatida yashagan. Qirg‘iziston fuqaroligini olmagan, chunki balog‘at yoshiga yetmasdan Rossiyaga ko‘chib ketgan va 2011 yilda Rossiya fuqaroligini olgan.

Taxmin qilinishicha, oilaning Rossiyaga ketishi 2010 yilgi O‘sh voqealari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. O‘sha yili qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida nizo chiqishi oqibatida 500 mingga yaqin kishi qochqinga aylangandi. O‘sh va Jalolobod viloyatlarida bir necha kun davom etgan to‘qnashuvlar vaqtida 500 nafarga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan, bir necha kishi jarohatlangandi.

Keyinroq Jalilovning ota-onasi vataniga qaytgan, lekin uning o‘zi Rossiyada qolgan va ishlashda davom etgan.

Jalilovning qo‘shnilari aytishicha, ularning oilasi tinch yashagan, hech qanday mojarolarga aralashmagan.

«Ular bu yerga 5-6 yil oldin ko‘chib kelishgan edi. Otasi ko‘p yillar davomida Rossiyada edi. Ular tinch oila edi, hech qanday mojarolarga aralashmas edi. Bu oila haqida bilganim shu», — deb izoh bergan Jalilovlar qo‘shnisi matbuot vakillariga.

AKIpress xabariga ko‘ra, ayni vaqtda ushbu oila istiqomat qilgan uy yopib qo‘yilgan. 

Mavzuga oid
Top