19:07 / 05.04.2017
5608

Nissan X-Trail to‘plamiga dronni ham qo‘shdi

Foto: motor.ru

Yaponiyaning Nissan kompaniyasi X-Trail krossoverining maxsus namunasini taqdim etdi. Uning to‘plamiga dron ham qo‘shildi. Firma X-Scape nusxasidan jami 1200 dona ishlab chiqaradi. Ularning har biriga ko‘tarib yurish uchun maxsus sumkali Parrot Bebop 2 kvadrokopteri taqdim etiladi. 

Ixcham dronga Nissan timsoli tushirilgan bo‘lib, 500 gr keladi va Follow me (Menga ergash) funksiyasiga ega. U Android va iOS dasturiy ta'minotida ishlovchi ilova yordamida ishga tushiriladi. To‘plamga, shuningdek, Parrot Skycontroller 2 masofadan boshqarish pulti hamda Parrot Cockpit Glasses videoko‘zoynagi kiradi. 

Ko‘zoynakda dronning 14 megapikselli kamerasi olayotgan tasvirlarni bevosita ko‘rish mumkin. Dron, shuningdek, kamerani raqamli barqarorlashtiruvchi bilan jihozlangan. U ko‘pi bilan 25 daqiqa parvoz qila oladi. 

Nissan X-Trail X-Scape 130 ot kuchiga ega, 1,6 litr hajmdagi dizel motor hamda Tekna to‘plamiga kiruvchi barcha jihozlar bilan birga ishlab chiqiladi. 

Maxsus avtomobillar G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida besh va yetti o‘rindiqli namunada taqdim etiladi. Hozircha, uning narxi va sotishga chiqarilish muddati xususida ma'lumotlar yo‘q. 

Mavzuga oid
Top