Jahon | 08:23 / 03.06.2026
2029
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya: Leningrad viloyatida 30 ta dron urib tushirildi

Ukraina dronlari Leningrad viloyatiga hujum qildi. Rossiya tomoni havo hujumidan mudofaa tizimlari 30 ta dronni yo‘q qilganini ma’lum qildi.

Foto: AP

Ukraina dronlari 3 iyun kuni tungi vaqtda Rossiyaning Leningrad viloyatiga ommaviy hujum uyushtirdi. Bu hujum Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PXIF) ochilishidan bir necha soat oldin sodir bo‘ldi.

Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari viloyat hududida 30 ta uchuvchisiz uchish apparatini yo‘q qilgan. U dronlar qayerda urib tushirilganiga aniqlik kiritmagan. Ukraina tomoni hozircha mazkur hujum yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

PXIF dasturiga ko‘ra, forumning ilk tadbirlari 3 iyun kuni soat 10:00 da boshlanishi kerak. Anjuman Sankt-Peterburg janubida joylashgan «Ekspoforum» majmuasida o‘tkazilmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning forumdagi asosiy chiqishi 5 iyunga rejalashtirilgan. Forumda Germaniya delegatsiyasi ishtirok etishi ham kutilmoqda.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir kun avval Rossiya armiyasi Ukraina shaharlariga yana yirik raketa va dron hujumi uyushtirishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Undan oldingi tungi hujumlar natijasida 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, yuzdan ziyod odam jarohatlangan. Eng katta talafotlar Kiyev va Dnipro shaharlarida qayd etilgan.

Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 3 iyun tungi soatlarida mamlakat osmonida Rossiyaga tegishli ayrim dronlar kuzatilgan, ammo hozircha keng ko‘lamli hujum haqida xabar berilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid