Jamiyat | 16:54 / 10.04.2017
14748
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘zbo‘yamachi bankir: “Xalq banki” Kogon filiali boshqaruvchisi sudlandi

Azamat Latipov omadi kulib boqqan yigitlardan. Bilimli, oliy ma'lumotli bo‘lgan bu yigit institutni tugatgach, ish axtarib sarson bo‘lmagan. Kirishimli bo‘lgani bois oradan ko‘p vaqt o‘tmay, AT “Xalq banki”ning Kogon filiali boshqaruvchisi bo‘lib ishga o‘tdi. Bu shaxs ishlab yurgan kezlari “Buxoro standart stroy produkt” mas'uliyati cheklangan jamiyati ta'sischisi Farhod Fayziyev bilan tanishib, do‘st bo‘lib qolishgandi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Kunlarning birida A.Latipovning huzuriga eski tanishi Farhod Fayziyev kirib keldi.

-  Kelganingiz yaxshi bo‘ldi, aka. O‘zim necha kundan beri sizni bir ko‘rsam deb o‘ylab turuvdim. Har holda endi buyog‘i qo‘limizda bo‘lgach, sizga o‘xshagan akaxonlarga yordam bersam deyman.

-  Mayliku-ya. Ammo menga qanday yordam berishingiz mumkin?

-  Masalan, kredit olishingiz mumkin.

-  Kredit olish uchun hujjatlar tayyorlash kerak, qolaversa, tuman hokimining qarori...

-  Bu yog‘ini menga qo‘yib bering, - bank boshlig‘i tugmachani bosdi. – Saidniyozovni chaqiring.

Bir zumda bankning kredit bo‘limi boshlig‘i Ilhom Saidniyozov kirib keldi.

-  Darhol hujjatlarni tayyorlang. Biz tadbirkor, ishbilarmon kishilarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

-  Haligi...

-  O‘ychining o‘yi bitguncha, tavakkalchining ishi bitadi. Farhod akaga nafaqat issiqxona qurishga, balki bitta TTZ-80 traktori olishga, yana gapida davom etdi u – “Lasetti” avtomobili olishga ham kredit ajratamiz.

Ilhom Saidniyozov tadbirkor F.Fayziyevga kredit ajratilishida tegishli hujjatlarni mukammal o‘rganib chiqmadi. "Buxoro standart stroy produkt" MChJga 343 mln. so‘m kredit ajratildi.

Aslida issiqxona qurish uchun deb soxta ma'lumotlar kiritilgan hujjatlar tayyor bo‘lganda, bank boshqaruvchisi tuman hokimi tomonidan yer ajratish haqida chiqarilgan qarorni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, deb qo‘l ostidagi xodimlarni aldab qo‘ya qoldi.

Ushbu kredit tufayli mazkur bankdan qarzdor “Mamat Jumabobo” fermer xo‘jaligining 43 mln. so‘mlik qarzi, xo‘jalikning eskirib ishga yaroqsiz bo‘lib qolgan TTZ-80 traktori evaziga so‘ndirildi va ajratilgan mablag‘ning 50 mln. so‘mi polietilen uchun “Fayz qurilish mollari” MChJga, 190 mln. so‘mi “Toshkent truba zavodiga”, bankir orzu qilgan “Lasetti” avtomobili uchun 59 mln. 800 ming so‘m esa “GM O‘zbekiston” aksionerlik jamiyati hisob raqamiga ko‘chirib berildi. 

Albatta, “Sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida mas'uliyati cheklangan jamiyat nomiga rasmiylashtirilgan “Lasetti” kredit to‘lovlardagi foizni kamaytirish evaziga bank boshlig‘i Azamat Latipovga berib qo‘yildi.

Noqonuniy yo‘l bilan mansab-mavqeini suiiste'mol qilib uzoqqa bora olmasligini Azamat Latipov juda yaxshi bilardi. U mazkur qing‘ir ishni xaspo‘shlay olmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tuman sudining hukmi bilan Azamat Latipov 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum etilib, unga eng kam oylik ish haqining 450 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, do‘stiga jinoiy sherik bo‘lgan F.Fayziyev ham eng kam oylik ish haqining 350 barobari miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi. O‘z vazifasiga sovuqqonlik qilgan Ilhom Saidniyozov esa 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, eng kam oylik ish haqining 300 barobari miqdorida jarima jazosiga tortildi. Sudlanuvchilar tomonidan yetkazilgan  zarar to‘liq qoplandi. 

Mavzuga oid