16:20 / 10.04.2017
21247

Vertikal fermalar: kelajakda hamma o‘z uyida oziq-ovqat yetishtirishi mumkin

Hosilni quyosh nuriga to‘yingan ochiq dalalar yoki issiqxonalarda yetishtirish o‘rniga ayrim kompaniyalar eski va qorong‘i omborxonalarda ultrabinafsha yorug‘lik ostida "dehkonchilik" qilishmoqda — bu ularga suvni iqtisod qilib, tezroq hosil yetishtirish imkonini bermoqda. Belgiyaning Kortreyk shahri chetidagi eski gilam fabrikasida qishloq xo‘jaligi inqilobi tayyorlanmoqda: fermada emas, kichikroq kvartira bilan teng xonada, rangli lampochkalar nuri ostida qavat-qavat qilib hosil yetishtirishmoqda.

Bu vertikal ferma yoki vertikal qishloq xo‘jaligi, deb ataladi va bir necha kompaniyalar eski omborxonalar va ishlatilmayotgan fabrikalarni ijaraga olib, sabzavotlar va donli o‘simliklarni tor, sun'iy yoritiluvchi xonalarda o‘n yildan beri yetishtirishmoqda.

Ulardan biri Urban Crops firmasidir. Uning katta ramadan iborat bo‘lib, u sobiq gilam fabrikasida mayin yoritayotgan ko‘k va qizil chiroqlar ostidan yosh o‘simliklar ekilgan patnislarni joylashtirilgan konveyr tasmalarini ushlashga mo‘ljallangan.

Biroq ularning barcha narsasi avtomatlashtirilgan tizimi hanuz ishlab chiqilish jarayonini boshidan kechirmoqda. Bosh ijrochi direktor Marten Vandekryusning tushuntirishicha, ularning qurilmasi yorug‘lik va boshqa foydali moddalardan o‘simlik butun o‘sish sikli davrida bahramand bo‘lishini ta'minlaydi. So‘ng vaqti yetgach, hosil yig‘ishtirib olinadi.

Har bir o‘simlik turi o‘z ehtiyojlariga, masalan yorug‘lik va oziq moddalarga asoslangan o‘sish rejasiga ega. Bundan tashqari, bu yerda o‘simliklar ochiq fermadagiga nisbatan tezroq o‘sadi.

Urban Crops’dagilarning aytishicha, vertikal fermerlik an'anaviy dehqonchilik yoki issiqxonadagiga nisbatan bir kvadrat metr joydan ko‘proq hosil olish imkonini beradi.  Vertikal qishloq xo‘jaligi, shuningdek, kamroq suv talab qiladi, o‘simliklar tezroq va ba'zi bir davr oralig‘ida emas, butun yil bo‘yi o‘sadi. Obektlarni esa, nazariy jihatdan, har qanday joyda barpo etish mumkin.

Urban Crops’da sakkiz qavat o‘simliklarni 30 kvadrat metr joyga joylashtirish mumkin. Hozircha bu keng miqyosli tijoriy loyiha emas, shunchaki, bu konsepsiya yashashga haqli ekanligini ko‘rsatib beruvchi bir sinovdir.

"Printsip nuqtai nazaridan, sistema ichidagi har bir kun — bulutsiz osmonli yozning bir kuni", hisoblanadi, deydi Vanderkryus.

Qo‘l ostingizda zarur texnologiyalar bo‘lsa har qanday narsani yetishtirish mumkinmi?

Vandekryusning aytishicha, ichkarida har qanday narsani yetishtirish mumkin — lekin bu yaxshi g‘oya emas. Iqtisodiy jihatdan, bozori chaqqon, narxi baland, tezroq o‘sadigan o‘simliklarni yetishtirish manfaatliroq. Masalan, o‘tlar, salatlar uchun ko‘katlar, iste'molga yaroqli gullar, hali ancha uzoq yillar ochiq osmon ostida yetishtiriladigan ildiz mevalilardan ko‘ra kilogrammiga ko‘proq daromad keltiradi.

Yopiq inshoot ichida o‘simliklarni yetishtirar ekansiz, hosilingizga zarur bo‘lgan resurslar ustidan aniq nazorat o‘rnata olasiz. Bu holda o‘simliklarning o‘sishini oldindan taxmin qilish va nazorat ostiga olish mumkin. Masalan, yorug‘lik diodli lampalarni istakka ko‘ra o‘chirib yoqish mumkin, chunki ular cho‘g‘lanma lampalar kabi ko‘p issiqlik ajratmaydi va ularni yorug‘lik optimal iste'mol qilinishi maqsadida o‘simliklarga yaqinlashtirish mumkin.

Albatta, shuncha miqdordagi sabzavotlarni "ochiq"da ham yetishtirish mumkin, biroq bunga yer-joy va resurslar ko‘proq talab qilinadi.

Xo‘sh, aslida hammasi qanday ishlaydi?

Vertikal fermer o‘zi uchun tanlab olishi mumkin bo‘lgan yopiq qishloq xo‘jaligining bir necha asosiy modellari mavjud: gidroponika — bunda o‘simliklar oziq moddalarga boy suvli basseynda o‘stiriladi — va aeroponika — bu holatda o‘simliklar ildiziga vaqti-vaqti bilan suv va oziq moddalar aralashmasidan iborat tuman purkaladi. Keyingi holatda kamroq suv ishlatilsa-da, texnik ishlar ko‘lami ortadi. Shuningdek, akvaponika degan usul ham borki, bu yuqoridagilardan keskin farq qiladi: bunda o‘simliklarni oziqlantirish uchun zarur bakteriyalarni ishlab chiqish uchun baliq boqiladi.

Urban Crops gidroponikani tanlagan. Vandekryusning qayd etishicha, suvni o‘simliklar bug‘latgach, uni nam havodan so‘rib olib, suvni bir necha marta qayta ishlatishadi. Shuningdek, suv ultrabinafsha nur bilan qayta ishlanib, kasalliklar tarqalishining oldi olinadi.

Baribir, vertikal dehkonchilikning asosiy ustunlik tarafi juda kam suv ishlatilishida bo‘lsa kerak. "Biz salat barglari bilan tajriba o‘tkazib, dalalarda an'anaviy yetishtirish bilan solishtirganda suvni 5 foizga kamroq ishlatishga muvaffaq bo‘ldik", deya tushuntiradi Vandekryus.

Urban Crops hozircha qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib foyda qilishni mo‘ljallamagan. Ular o‘zlarining vertikal fermalarini sotish ketidan pul ishlashni maqsad qilishgan.

U o‘sish tizimini mahsulot sifatida taqdim qilmoqda — insonlar uni olib, nisbatan cheklangan muhitda oziq-ovqat yetishtirib, fermani shahar hududiga olib kirishlaridan umid qilmoqda. Bu qurilmani mavjud ishlab chiqarish liniyalari va issiqxona fermalari yonida ham o‘rnatish mumkin.

Vertikal fermalar sohasida taniqli nomlardan biri o‘zgacha biznes-modelga ega. AeroFarms AQShning Nyu-Jyersi shtatida joylashgan va ular 7 ming kvadrat metr maydonda dunyodagi eng yirik yopiq ferma barpo etishgan. Kompaniya xushxo‘r ko‘katlarni katta miqdorda yetishtirishni maqsad qilgan.

Ed Harvud — shunga imkon bergan texnologiyani yaratgan ixtirochi va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ekspert. Bunday g‘oyaga u bir necha yil avval Kornell universitetida ishlagan vaqtda kelgan. Bu vaqtda aeropon sistemalardan laboratoriya sharoitlarida o‘simlik yetishtirishda foydalanilgan. Nega bu yondashuvdan yanada kengroq miqyosda foydalanib bo‘lmas ekan, deya savol bergan u o‘shanda o‘z-o‘ziga.

"Men o‘zimdan so‘radim: nega bunday? Odamlar esa: bundan pul qilib bo‘lmaydi, quyosh nuri tekin, yorug‘lik nuri esa qimmat", — deb javob berishgan, deb eslaydi Harvud.

Ishlarning bu ahvoldaligi uni qoniqtirmasdi. Uzoq tajribalardan so‘ng u aeropon tumanini o‘simliklar ildiziga purkab beruvchi soploni ixtiro qildi. AeroFarms’da o‘simliklar ildizi tuproqda emas yupqa matoda o‘sadi. Lekin asosiy muammo — soplolarni vaqt o‘tishi bilan qanday toza saqlab qolishga erishganligini oshkor etmadi, bu — tijorat siri ekan.

"Sotib olingan har bir soploda yetarli muammolar bor edi, — deydi Harvud. — Biroq men nimadir qilishim kerak edi va ichki ovozimga quloq tutib, yechim topdim". Biroq bu haqida u hech kimga og‘iz ochmaydi.

Urban Crops singari AeroFarms ham birinchi navbatda tez o‘suvchi sabzavot salatlari va ko‘katlarga e'tibor qaratadi. Harvudning fikricha, yirik korxonalarda yetishtirilgan bunday mahsulotlarga mahalliy bozorlarda talab yaqin yillar ichida shahar chetidagi hududlarning o‘ziga xos sifatiga aylanishi mumkin. Yana, iste'molchilar talab qilgan barralik va karsillashni ham kafolatlamoqda.

Harvud o‘zi va hamkasblari boshlagan biznes foydaga chiqishiga aniq ishonishadi. Biroq ularga ishonqiramayotgan talaygina.

Michigan universiteti barqaror qishloq xo‘jaligi kafedrasi professori Maykl Hamm shundaylardan biri. Uning fikricha, vertikal fermalar elektr energiyasining doimiy uzatilishi bog‘liq, uning katta qismi esa foydali qazilmalar evaziga ishlab chiqariladi.

"Nega salat yetishtirish uchun elektr energiyaga sarf-xarajat qilish kerak, qachonki uni quyosh nurida yetishtirish mumkin bo‘lib turganda?" — deydi u.

Ba'zi bir o‘simliklarni bu tarzda yetishtirishda iqtisodiy jihatdan ma'ni yo‘q, deydi professor: "Bir kilovatt-soat elektr energiyasi 10 sent bo‘lib turganida, bug‘doy yetishtirish uchun sarflanadigan energiya hisobidan, bir buxanka non 11 dollarga teng bo‘ladi".

Hamm bunday yondashuvning ba'zi bir ustunlik taraflari ham borligini tan oladi. Agar yopiq tizimlar yaxshi ta'minlansa, bu texnologiya har bir hosil olishda qayta erishish mumkin bo‘lgan natijalarga nazariy imkoniyatlarni taqdim etadi — ya'ni, siz doimo bir xil sifatdagi o‘simliklarga va hosilga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, vertikal ferma ancha qimmat tursa-da, qishloq xo‘jaligi biznesiga ilk bor tushib qolgan inson uchun jalb qiluvchi variant hisoblanadi — ular quyosh va fasllarning injiqliklariga qarshi kurashishni o‘rganishga yillab vaqt sarflashmaydi. Bu tajribaning o‘rnini bosuvchi bilim hozircha o‘ylab topilmagan.

Vertikal mirishkorlik texnologiyalari rivojlanishi va uning tannarxi tushishi bilan, ba'zi insonlar o‘z uyida ko‘kat yetishtira boshlashini aytib o‘tishmoqda.

Neofarms — shu holatni oldindan ilg‘agan nemis-italyan startapi hisoblanadi. Uning asoschilari Henrik Yobchik va Maksimilian Rixter o‘lchamlari maishiy xonadon muzlatkichi bilan teng vertikal ferma ishlab chiqishgan.

"Biz uni standart oshxona shkafi o‘lchamlarida ishlab chiqdik", deya tushuntiradi Yobchik. Ularning rejasiga ko‘ra, qurilma xohishga qarab integratsiyalashgan yoki alohida turuvchi dizaynda, hammabop bo‘lishi lozimligini qo‘shimcha qilar ekan. Bu agregatni xarid qilgan inson elektr energiyasiga pul to‘lashi, Neofarms’ni toza saqlashi va doimo suv bilan ta'minlab turishi kerak. Evaziga eng barra mahsulotlarni olaveradi.

"Sistemada o‘sadigan o‘simliklar haqida ular yetishtirilgan sharoit haqida barcha ma'lumotga ega bo‘lasiz, — deydi Yobchik. — Boz ustiga, siz barra mahsulotlarga ega bo‘lasiz, bu esa barra sabzavotlar, ayniqsa ko‘katlar borasidagi eng katta muammo hisoblanadi".

Kelajak supermarketlarida o‘zlarining shaxsiy vertikal fermalari o‘rnatilishi mumkin

Agar siz o‘zingizga kerakli o‘simlikni tanlab, darhol uni iste'mol qilsangiz, uni qadoqlash va transportirovka qilishda yo‘qotilishi mumkin bo‘lgan vitamin va boshqa oziq moddalariga ham ega bo‘lasiz. Ko‘plab iste'molchilar allaqachon derazalari oldida ko‘katlar yetishtirishmoqda, biroq bu garchi arzon bo‘lsa-da, samarasizroq tadbir hisoblanadi. Kelajakda vertikal fermalar o‘z oilasini barra salatlar bilan ta'minlashning samarali va kundalik usuliga aylanish ehtimoli katta.

Top