Jamiyat | 16:25 / 11.04.2017
6098
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda yangicha yondashuvdagi “Kasb-hunar bilan kelajak sari” ko‘rgazmali festival o‘tkazildi

Andijon shahridagi olimpiya zaxiralari kollejida yangicha yondashuvdagi “Kasb-hunar bilan kelajak sari” ko‘rgazmali festivali o‘tkazildi.

Tadbirda viloyatdagi kasb-hunar kollejlari va 9-sinf bitiruvchilari bilan birgalikda ish beruvchilar, ta'lim muassasalari  rahbarlari, soha bilan bevosita aloqador bo‘lgan idoralar vakillari hamda ota-onalar ishtirok etdilar.

Festivalini tashkil qilishda ko‘rgazmaga tashrif buyurgan 9-sinf bitiruvchilarida viloyatdagi mavjud kollejlar, akademik litseylar, ularning imkoniyatlari, ushbu ta'lim muassasalarida jahon talablariga mos ravishda yaratilgan shart sharoitlar haqida to‘la tasavvur uyg‘otishga alohida e'tibor qaratildi.

Tadbirga tashrif buyurgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yurtimizda yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalash uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab, tadbirda davomida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilishlariga, mehnatga oid munosabatlarning to‘laqonli sub'yekti sifatida ishtirok etishliklari va o‘z biznesini boshlash istagini bildirgan yoshlarga kredit mablag‘lari ajratishga amaliy yordam  va imkoniyat berilishiga to‘xtaldi.

Viloyatdagi 740 ta umumta'lim maktablarida 430 ming nafardan ziyod, 129 ta kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarida 128 ming 533 nafar yigit va qizlar tahsil olishmoqda.

Shu yilning o‘zida 42 mingdan ziyod 9-sinf bitiruvchilari viloyatdagi kasb-hunar kollej va akademik litseylarda o‘qishni davom ettirish bilan birga o‘zlari tanlagan kasb-hunar sirlarini o‘rgana boshlashi, zamonaviy o‘quv laboratoriyalari, axborot-resurs markazlari va sport inshootlaridan emin-erkin foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Shu yili 41 ming nafardan ziyod yigit-qizlar esa kollej va akademik litseylarni tamomlab, oliy ta'lim muassasalari ostonalariga qadam qo‘yadilar, mustaqil kasb egasi sifatida iqtisodiyotning turli jabhalarida mehnat faoliyatlarini boshlaydilar.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid