Jahon | 18:18 / 12.04.2017
4990
3 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidentligiga 200 nafarga yaqin kishi ro‘yxatdan o‘tdi

Joriy yilning may oyida Eronda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar soni - naq 200 nafarga yaqin. Eron islom respublikasi (EIR) IIVning saylovlarni o‘tkazish shtabi rahbari Ali Asqar Ahmadiy jurnalistlarga ana shunday ma'lumot bergan

Uning ta'kidlashicha, mahalliy vaqt bilan soat 12:45 holatiga ko‘ra, 197 kishining ro‘yxatdan o‘tkazish so‘ralgan arizasi qabul qilingan. Bulardan 189 nafari - erkak, 8 nafari esa - ayol kishi. Eng yoshi ulug‘ nomzod sifatida 82 yoshli tish shifokori qayd etilgan. Ro‘yxatdan o‘tganlarning 54 nafari olim darajasiga ega, 19 nafari - harbiy harakatlar ishtirokchilari.

Mamlakatning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajotning nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tishi katta muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Eron ommaviy axborot vositalari bu voqeaga siyosatchilar va jamoat arboblarining munosabatini chop etishmoqda - ularning deyarli barchasi sobiq prezidentning harakatlarini qoralashmoqda.  

Tasnim agentligi o‘z saytida o‘tgan yilning sentabrida Ahmadinajotning EIR rahbari oyatulloh Ali Hamanoiyga yo‘llagan maktubini joyladi. Unda sobiq prezident ijrochi hukumat rahbarligi lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yish rejasidan voz kechgani haqida ma'lum qilgan. 

11 aprel kuni Eron IIVda 19 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga start berildi. Islom Respublikasi konstitutsiyasiga ko‘ra, 40 yoshdan kichik, islom va islomiy tizimning faol tarafdori bo‘lgan har bir eronlik mamlakat prezidenti bo‘lish huquqiga ega.

Arizalar besh kun davomida qabul qilinadi, birinchi kunning o‘zidayoq 100 dan ziyod kishi ro‘yxatdan o‘tgan. Eronda har to‘rt yilda shunday ommaviylik qayd etiladi - saylovlar oldidan bir necha yuz kishi, ba'zan esa mingga yaqin nomzod ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza topshiradi. 

Saylov byulletenlariga kiritiladigan nomzodlarning yakuniy ro‘yxati EIRning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.  

Mavzuga oid