Jamiyat | 19:29 / 12.04.2017
9176
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyati yanada takomillashadi

2017 yil 12 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish - sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishi” mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy sud, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil qilindi.

Davra suhbati ishida xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qatorda Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Sud departamenti, Advokatlar palatasi mutaxassislari hamda huquq sohasidagi olimlar va tadqiqodchilar ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad sud-huquq sohasini isloh etish borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni muhokama qilish, xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan funksional tahlil natijalari bo‘yicha fikr almashish bo‘ldi.

Ishtirokchilar “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi ish rejasi asosida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatining funksional tahlili natijariga alohida urg‘u berishdi. Ushbu hujjat metodologiyasi va yakuniy hisobotini tayyorlashga serbiyalik xalqaro konsultant jalb qilinganini qayd etishdi.

Tadbir ma'ruzachilari funksional tahlilning maqsad va vazifalari haqida batafsil to‘xtalib, uni o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar to‘g‘risida ma'lumot berishdi. Shu bilan birga, mazkur tahlil natijalarini amalda joriy qilish yuzasidan tavsiyalar va buning oqibatida paydo bo‘ladigan keng imkoniyatlar borasida fikr almashinildi.

Davra suhbatida so‘z olganlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash, sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, sudlarning chinakam mustaqilligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholashdi. Ta'kidlanganidek, sud hokimiyati tarmog‘ini isloh qilish va liberallashtirish 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. E'tiborlisi, mazkur yo‘nalish bo‘yicha amaliy ahamiyatga ega chora-tadbirlar “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ham aks ettirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid