Jamiyat | 18:18 / 13.04.2017
50012
9 daqiqa o‘qiladi

Yangi haydovchilik guvohnomasini joriy etishdan maqsad nima?

O‘zbekistonda 2017 yil 1 oktabrdan boshlab milliy haydovchilik va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.

“Oila davrasida” nashri muxbiri shu masalaga oid qator savollariga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Xolmatjon Saydaliyevga murojaat etdi.

Saydaliyevning qayd etishicha, yangi milliy haydovchilik guvohnomasini joriy etishdan maqsad - mamlakatimizda 1968 yil 8 noyabrda qabul qilingan Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi tavsiyalariga muvofiqligini ta'minlash, milliy haydovchilik guvohnomalarini hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalarni hisobga olish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni samarali tashkil qilishdir.

"Milliy guvohnomalar qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Hozirgi — amaldagisidan nimasi bilan farq qiladi?", degan savollarga esa shunday javob qaytarildi: “Bu guvohnomalar maxsus himoya qatlamlariga ega. Unda konvensiya talablarida belgilangan majburiy ma'lumotlar lotin alifbosida, o‘zbek tilida yozilgan. Milliy haydovchilik guvohnomasi plastikdan tayyorlanib, o‘lchami 54x86 millimetrni tashkil etadi. Unda O‘zbekiston Respublikasining nomi davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan. U qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi mustahkam va mukammal himoya vositalariga ega.

Ma'lumki, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasida A, V, S, D va Ye toifalari aks ettirilgan edi. Yangi nusxadagi milliy haydovchilik guvohnomasida bunga biroz o‘zgartirish kiritildi. Endilikda haydovchilik guvohnomasida A, V, S, D, Ve, Se va De toifalari aks ettiriladi. Bunda A — mototransport vositalarini boshqarishga, V — A toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan va haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i 8 tadan oshmaydigan avtomobillarni boshqarishga, S — D toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini boshqarishga, D — yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan, haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i 8 tadan ortiq avtomobillarni boshqarishga va Ye — tirkamali transport vositalarini boshqarishga ruxsat berardi.

Yangi nusxadagi milliy haydovchilik guvohnomasida Ye toifasi uchga bo‘lindi. Bunda Ve — A toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan va haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i 8 tadan oshmaydigan avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga, Se — D toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini tirkama bilan boshqarishga, De — yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan, haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i 8 tadan ortiq avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga ruxsat berilishini bildiradi”.

Shuningdek ta'kidlanishicha, guvohnomalarning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalari bosqichma-bosqich joriy etiladi. U 10 yil muddatga beriladi. Haydovchi undan foydalanganidan so‘ng har o‘n yilda almashtirib turishi kerak. Chunki bu muddatda insonning tashqi ko‘rinishi o‘zgaradi. Bu esa, uning hujjatlarini tekshirish jarayonida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish muddatlari belgilangan. Unga ko‘ra, milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan har bir haydovchi 2017 yil 1 oktabrdan boshlab  2018 yilning 31 dekabr kuniga qadar eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangisiga, ularning berilgan sanasidan qat'i nazar, egasining yozma arizasiga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda almashtirib beriladi.

2019 yil 1 yanvardan 2020 yilning 31 dekabriga qadar esa, eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari, ularning berilgan sanasidan qat'i nazar, majburiy tartibda yangisiga almashtiriladi.

Saydaliyevning ma'lum qilishicha, “yangi hujjat joriy yilning 1 oktabridan boshlab haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tamomlaganlarga nazariy va amaliy imtihonlardan o‘tganlaridan so‘ng berila boshlanadi”. Shuningdek, biror-bir sabab bilan eskirgan, yaroqsiz holga kelib qolgan va yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasi va uning taloni yangisiga yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limlarida haydovchilar tomonidan zarur hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng almashtirib beriladi.

“Bu o‘rinda shuni ta'kidlash lozimki, eski nusxadagi haydovchilik guvohnomasi va uning talonini almashtirish uchun haydovchilar o‘quv tashkilotini tamomlagani to‘g‘risidagi imtihon varaqasini, haydovchilik guvohnomasi va uning talonini, tibbiy ko‘rik ma'lumotnomasini, to‘lov chiptasini, transport vositasining qayd etish guvohnomasini yoki ishonchnomani va shaxsiy pasporti, korxona yoki tashkilotlarda haydovchi bo‘lib ishlovchilar ish joyidan ma'lumotnoma taqdim etishlari lozim”, - degan YHXBB boshlig‘i.

“Agar belgilangan muddatgacha haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagisiga almashtirilmasa, tegishli chora ko‘riladi, albatta. Ya'ni, 2021 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi barcha haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb topiladi va bu haydovchilik guvohnomalari bilan avtomototransport vositalarini boshqarish haydovchilik guvohnomasiz mashina haydash deb hisoblanadi hamda haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda ma'muriy chora ko‘riladi”, - degan polkovnik Saydaliyev.

Mashinaning ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma ham yangilanadi, deb eshitdik. Unda qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti, degan savolga berilgan javobda aytilishicha, “bu guvohnoma ham o‘lchami 54x86 millimetrli plastikdan tayyorlanadi. Uning old tomonida «Avto-mototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma» yozuvlari davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan, «O‘zbekiston Respublikasi» so‘zlari, avtomototransport vositasining davlat raqam belgisi, ishlab chiqarilgan yili, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan sana, avtomototransport vositasining egasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tashkilotning nomi, manzili), yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining bo‘limi majburiy tartibda ko‘rsatiladi. Guvohnomaning orqa tomonida avtomototransport vositasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar: rusumi, modeli, turi, kuzov/shosse raqami, to‘la vazni, yuksiz vazni, dvigatelning toifasi va quvvati, yonilg‘i turi, rangi, haydovchining o‘rindig‘i bilan birgalikda o‘tiriladigan o‘rinlar soni, tik turiladigan o‘rinlar soni, alohida belgilar majburiy tartibda ko‘rsatiladi”.

Bundan tashqari, ma'lum qilinishicha, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma ham yangi milliy haydovchilik guvohnomasi bilan bir paytda almashtiriladi. Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi yangi namunadagi guvohnomani almashtirish ishlari 2017 — 2020 yillar mobaynida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Haydovchilar avtomototransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishga taqdim etganida eski namunadagi avtomototransport vositasini qayd etish guvohnomalari yangisiga almashtirib beriladi. Eski namunadagi guvohnomalar ham 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblanadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, yangi nusxadagi plastik guvohnomalarda avtomototransport vositasining texnik ko‘rikdan o‘tganini aks ettiruvchi belgi qo‘yiladigan joy yo‘q. Shuni inobatga olgan holda, avtomototransport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risidagi talon ham joriy etildi. Texnik ko‘rik natijasi ana shu talonda aks etadi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid