O‘zbekiston | 19:04 / 13.04.2017
96945
10 daqiqa o‘qiladi

Javoblari aytilmagan savollar: GM-Uzbekistan bilan bu muloqotdan kim manfaat topdi?

12 aprel kuni kechqurun «O‘zbekiston» telekanali «Muloqot va manfaat» ko‘rsatuvini efirga uzatdi. Ko‘rsatuv efirga uzatilishidan avval ijtimoiy tarmoqlarda yetarlicha reklama qilindi va tomosha qilindi. Undan xabar topganlarning aksariyati ko‘rsatuvni ko‘rib, ijtimoiy tarmoqlar orqali fikrlar bildirilgani buni isbotlab turibdi.

Biroq, ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilarning katta qismi ushbu ko‘rsatuvdan, unda aytilgan gaplardan mutlaqo qoniqmaganliklarini bayon etishmoqda. Ochig‘i, o‘zimga ham yoqmadi.

Chindan ham, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni mas'ul xodimi Zoir Ergashev boshlovchiligida olib borilgan ko‘rsatuv tanqidiy ruhda o‘tishi kutilganida, savollarga mujmal javoblar va bajarilishi dargumon va'dalar berilib, odamlarni xotirjam qilishga bir urinish bo‘ldi. 

Ko‘rsatuvda, asosan, prezident virtual qabulxonasiga yozilgan ayrim shikoyatlar tilga olib o‘tildi va ularga GM-Uzbekistan AJ bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov, GM-Uzbekistan AJ marketing, savdo va avtoservis boshqarmasi boshqaruvchi direktori Muhiddin Sultonov, «O‘zavtotexxizmat» MChJ boshquruvi raisi Botirxo‘ja Siddiqov, «Asaka bank» ATB departament direktor o‘rinbosari Farrux Tulavov, Davlat raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov, «Asakabank» ATB departament direktori Behzod Abdurahmonov, GM-Uzbekistan AJ yuridik boshqarmasi boshlig‘i Nodir Do‘stmurodov javob berishdi.

Xalqimizni tashvishlantirayotgan ayrim savollar efirda yangramadi, bu savollarning javobi nima bo‘lishi, mutasaddilar bunga qanday chora ko‘rishlari ochiqligicha qolib ketdi. Studiyaga o‘zlarini qiziqtirayotgan savollarni mutasaddilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berishi mumkin bo‘lgan muxlislar taklif etilmagan, ko‘chalarda suratga tushirilgan e'tirozlar esa o‘ta yuzaki.

Masalan, ayrim eng arzon va xaridorgir avtomobillar nega AQSh dollariga sotilishi haqida umuman gapirilmadi. Aytaylik, oyligini yig‘ib, «Matiz» olmoqchi bo‘lgan o‘qituvchi naqd dollarni qayerdan olishi kerak? «Asaka bank» vakillari javob berishi kerak bo‘lgan savol. GM-Uzbekistan AJ marketing, savdo va avtoservis boshqarmasi boshqaruvchi direktori Muhiddin Sultonov Ikkinchi Jahon urushi qatnashuvchilariga imtiyozlar, xususan avtomashinalar navbatsiz berilishini aytib o‘tdi (shunda ham «dollarlik» mashinalar so‘mga beriladimi yo‘qmi — bunisi ochiq qoldi). Rahmat! Xo‘p, qo‘shimcha daromadi bo‘lmagan byudjyet tashkiloti vakillari — o‘qituvchilar va shifokorlarga ham qandaydir imtiyozlar taqdim etish (mayli, navbatsiz berish bo‘lmasin) — mashinalarni milliy valyutada xarid qilishga ruxsat berish borasida biror tashabbusni ilgari surib chiqsa bo‘lmaydimi?

Plastik kartochkaga avtomobil xarid qilish masalasiga «Asaka bank» ATB departament direktori Behzod Abdurahmonov banklar tomonidan hech qanday cheklov o‘rnatilmaganini aytib o‘tgan esa-da, amalda hech ham bunday emas. Dilerlarning hisob raqami mavjud bo‘lgan istalgan bankingizda sinab ko‘rishingiz mumkin. Aslo quchoq ochib kutib olishmaydi. «Mumkin emas!», degan qo‘rs javobga duch kelasiz.

Oddiy misol: xaridorlar to‘lagan avtomobilning 85 foiz qiymatiga teng pul 8–10 oylab GM-Uzbekistan maxsus hisobraqamida turadi. Bu miqdordagi pul bankda turganida qo‘shimcha foiz ishlashi o‘sha foizlar avtomobilning qolgan 15 foiz to‘lovini qoplashi mumkin. Yoki aytaylik, tadbirkor xaridorlarga 85 foiz emas, 15 foiz oldindan to‘lab, avtomobilni band qilib qo‘yish imkoniyati berilganida, avtomobil chiqqunga qadar 85 foizni o‘z biznesi uchun aylantirib, iqtisodiyotimizga hissa qo‘shish imkoniyati paydo bo‘lar edi. 

Biroq xaridorlardan pullarni yarim yillab oldindan olib qo‘yib, keyin berilgan mashina egasiga yoqmasa, uni almashtirib berish yoki pulini qaytarib berishda dilerlar juda sustkashlikka yo‘l qo‘yishyapti. GM-Uzbekistan AJ yuridik boshqarmasi boshlig‘i Nodir Do‘stmurodov xaridorlar to‘lagan pul GM-Uzbekistan maxsus hisobraqamiga kelib tushishi, mablag‘ dilerlarda turmasligi, shu sababli uni egasiga qaytarish juda murakkab jarayon ekanligini tan oldi. Demak, mana shu yo‘nalishda ham aniq yechim topish kerak, xaridorlarning qo‘l-oyog‘ini bog‘lamasdan. Muammo borligini tan olish — uning yechilganini bildirmaydi-ku?!

O‘zim ham bir necha bor mashinalar narxining keskin oshirilishidan aziyat chekkanlarni, hatto o‘sha mashinadan voz kechib, naqd pullarda to‘lagan pullarini plastik kartochkaga bo‘lsa ham qaytarib olishda poyabzalining poshnasi yeyilgan bir necha odamni shaxsan taniyman.

Ko‘rsatuvda tilga olingan boshqa muammo — avtomobillarni kredit rasmiylashtirib xarid qilish. «Asaka bank» ATB departament direktor o‘rinbosari Farrux Tulavov masalani o‘ta mujmal tushuntirdi. Aslida, vaziyat qanday bo‘lishi kerak?

Avtosalonlar va dilerlik punktlari mashina xarid qilish uchun shartnomani taqdim etishi va boshqasi bilan mutlaqo ishi bo‘lmasligi kerak. Shartnomani qo‘lga olgan xaridor, avtomobil summasining 25 foizini bank omonatiga taqdim etishi, bank esa o‘sha avtomobilni kredit to‘lovi mobaynida garovga olib, mashina uchun to‘lovni avtosalonga o‘tkazib berishi lozim. Bo‘ldi! Butun dunyoda 100 yildan beri ishlayotgan tizim. Bizda 20 yildan buyon hech shuni o‘rinlata olishmayapti.

Tomoshabin sifatida, faqatgina Davlat raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimovning masala yuzasidan bergan atroflicha javoblaridan qoniqdim, xolos. 

Xullas, mutasaddilarning javoblari va xalqning talablaridan kelib chiqib, quyidagi islohotlar amalga oshirilsa nur ustiga nur bo‘lar edi:

- Modomiki yurtimizda GM-Uzbekistan yengil avtomobil ishlab chiqarishda monopolist hisoblanar ekan, unga o‘z tariflarini — avtomashinalar uchun narxlarni oshirishiga faqat rasmiy inflyatsiya ko‘rsatkichi doirasidagina ruxsat berish kerak. Butun dunyoda monopoliyalarga nisbatan talab aynan mana shunday.

- Mashina narxi oshirilgan taqdirda, avtomobil qiymatining 50 foizidan ortiq qismini (hozirgi holatda bilasizki yoppasiga 85 foiz, bil'aks shartnoma tuzib ham o‘tirishmaydi) to‘lab qo‘ygan iste'molchilarga mashina eski narxlarda yetkazilishi kerak. Bu ham ayni paytda butun dunyoda mavjud biznes amaliyoti. Buni kerak bo‘lsa qonunchilik me'yori sifatida qabul qilib qo‘yish lozim. 

- Xaridorgir va kamyob avtomobil rusumlari bo‘yicha shartnomalar tarqatilishidan kamida bir oy avval bu haqda ma'lum qilinishi kerak. Bu — yuridik shaxslarga sotiladigan mashinalarga ham taalluqli.

- Yetkazib berish muddati 6 oy va undan ko‘p bo‘lgan mashinalar bo‘yicha dastlabki to‘lov 15 foiz miqdorida belgilanishi lozim.

Ko‘rsatuvda elektron navbat xaqida gapirildi. Mana shu qulaylikni zudlik bilan ishga tushirish lozim. Rasmiy saytmi, mobil ilovalardami — xaridor o‘z navbatining yaqinlashib kelayotganini bemalol kuzata olsin. Bu tizimda korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi. 

Maqola so‘ngida o‘zim bilan bog‘liq bir vaziyatni tasvirlab ketishga jazm qildim.

Avtomobillarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining «Tadbirkorlik sub'yektlari ehtiyojlari uchun GM-Uzbekistan AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun buyurtma yuborish» xizmatidan foydalanib, o‘z korxonamga yuk tashish uchun ikkita «Damas» yoki «Damas-VAN» avtomobillarini 2014 yilning 15 sentabrida buyurtma qilgan edim. Oradan 3 kun o‘tib, «Samarqand avtotexxizmat» OAJ boshqaruv raisi A.Atxamov portal orqali javob xati yo‘llab, №338-339-navbatlarga qo‘yilganimni bildirib o‘tgan edi. 

Mana, uchinchi yil ketayapti, hozircha hech kim "mashinalaringiz keldi, pulini to‘lab, olib keting», deb qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q. Men esa viloyatdagi «Samarqand avtotexxizmat» OAJ pul ko‘chirish yo‘li bilan bir yilda 100tagina «Damas» sotsa kerak, degan yaxshi gumonda o‘zimni ovutib yuribman. Agar shu elektron navbatga tushirilganida va sayt orqali kuzatish imkoniyati bo‘lganida, hech qanday shubha-gumonlarga o‘rin qolmas edi.

Yuqoridagilar, albatta, vaziyat va ko‘rsatuv haqidagi o‘z shaxsiy fikrlarim. Siz nima deb o‘ylaysiz?

Shuhrat Shokirjonov

Mavzuga oid