Jahon | 07:33 / 14.04.2017
10938
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Rossiya Suriyada xavfsizlikni ta'minlash mexanizmini tiklashdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh davlat kotibi Reks Tillerson 12 apreldagi uchrashuvda Rossiya va AQSh o‘rtasidagi ishonchning past darajada ekanligini qayd qilishdi va uni tiklashga qaror qilishdi, deb ma'lum qildi Davlat departamenti rasmiy vakili Mark Toner.

"Davlatlarimiz o‘rtasida ishonch darajasi deyarli tarixiy past ko‘rsatkichda ekanligi tan olindi", deb aytdi Toner.

"Putin bilan uchrashuvda nima uchun bunday holga tushib qolganimizning tarixi eslab o‘tildi. Ularning ikkisi nima uchun bir davlat ba'zi sohalarda boshqa davlatga nisbatan achchiqlanayotganini yaxshiroq tushunishga harakat qilishdi. Oxir-oqibat ular bu ishonchning biror qismini bo‘lsa ham tiklash uchun yo‘llar, imkoniyatlar topish yo‘li borligini tan olishdi", deb aytdi Toner.

Shuningdek, muzokaralar natijalariga ko‘ra, ikki davlat harbiylari o‘rtasida ixtiloflarning oldini olish mexanizmini tiklashga kelishib olindi.  

"Kelishuv qanchalik o‘zgarganini bilmaymanu, biroq tushunishimcha, u amal qilmoqda", deb aytdi Toner. 

Avvalroq Rossiya bu mexanizmni to‘xtatgani yuzasidan aniqlik kiritish borasida berilgan savolga Toner "U tiklandi", deb javob berdi.

"Biz ixtiloflarni bartaraf etishning bu kanalini juda muhim deb hisoblaymiz, chunki u Suriyada harbiy vazifalarni bajarayotganimizda bizning ham, Rossiya uchuvchilarining ham zaruriyatsiz bir-birlarini xavfga qo‘ymasliklarini ta'minlashga imkon beradi", deb qo‘shimcha qildi Toner.

O‘z navbatida Pentagonda ayni vaqtda bu memorandum amal qilayotgani haqida izoh berishdan bosh tortildi. Pentagon vakili mayor Edrian Renkayn-Gallouey "koalitsiya va Rossiya o‘rtasidagi suhbatlar ommaviy oshkor qilinmasligini" aytdi.

Memorandum Vashington Suriyadagi aviabazaga raketa zarbasi bergandan keyin Moskva tomondan to‘xtatib qo‘yilgandi. Keyinroq Rossiya Federatsiya kengashining mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi boshlig‘i Viktor Ozerov memorandum prezidentdan tegishli buyruq olingandan keyin tiklanishini ma'lum qilgandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid